O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

Andijonliklar xasharda faol ishtirok etmoqda

Andijonliklar xasharda faol ishtirok etmoqda

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami oldidan oʻtkazilayotgan umumxalq xayriya hashari Andijon viloyatida ham uyushqoqlik bilan oʻtmoqda. 

Hashar davomida mahalla hududlarini, guzarlar, koʻchalar, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirish, yakka-yolgʻiz qariyalar, nogironlar, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatishdek xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Xalqimizning oʻlmas qadriyatlaridan biri boʻlgan xayriya hashari viloyatning har bir goʻshasi orastaligini taʼminlash, xalqimizning keksalar, yetim-yesirlar va nogironlarga mehr-muruvvat koʻrsatishdek azaliy qadriyatlari davomiyligining yorqin namunasi boʻlmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi raisi Ulugʻbek Abdullayev. – Ikki kun davomida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Ziyoratgoh va qabristonlar tozalanadi, viloyatdagi ehtiyojmand oilalarning uy-joylari taʼmirlab beriladi. Shuningdek, nogiron, yolgʻiz yashovchi keksalarga moddiy yordam koʻrsatiladi.

Hasharda hudud aholisi, tuman, shahar, viloyat hokimlarigacha faol ishtirok etayotgani eʼtiborga molik. Jumladan, Xonobod shahar hokimi Musaxon Mamadaliyev ertalabdan Xonobod shahridagi Fozilmon, Istiqlol, Yuksalish mahallalaridagi obodonlashtirish ishlarida qatnashdi.

– Hashar xalqimizning qadim va oʻziga xos qadriyatlaridan biri, – deydi Xonobod shahar hokimi M.Mamadaliyev. – Shu bois ham ushbu tadbirda kattayu kichik birdek faol ishtirok etmoqda. Hasharda bayram tantanalariga munosib hozirlik koʻrish, yurtdoshlarimiz oʻrtasidagi hamjihatlik, mehr-muruvvatga muhtoj kishilarga koʻmak berish, yurtni obod qilishdek ezgu saʼyi-harakatlar oʻz ifodasini topmoqda.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimidan olingan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 1 ming 220 gektardan ziyod yer maydoni obodonlashtirildi. 579 kilometrga yaqin ariqlar tozalandi, 651 tonna chiqindi chiqarib tashlandi. Bu ishlarni bajarish uchun 312 ta turli texnika vositalari jalb etildi. Bundan tashqari, 306 ziyoratgoh va qabriston tozalanadi. Viloyat boʻyicha 220 oilaning 4 ming 786 kvadrat metr hajmdagi uy-joylari hashar yoʻli bilan taʼmirlanmoqda. Shuningdek, 401 ta ehtiyojmand oilaga, 308 nafar nogiron va yolgʻiz keksalarga 171 million 636 ming soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi.

Xayriya hashari uyushqoqlik va aholining faol ishtirokida davom etmoqda.

675
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA