O‘zA O`zbek

13.08.2018 20:43 Chop etish versiyasi

Andijonda yangicha tizim ish boshladi

Andijonda yangicha tizim ish boshladi Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” nomli yangi tizim joriy etilmoqda.

Ayni kunlarda viloyatdagi 878 mahalla fuqarolar yig‘inida mazkur tizimni shakllantirish, uning mazmun-mohiyati, ahamiyati va afzalliklarini targ‘ib qilishbo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Mazkur tizimda jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni baholash, jinoyatchilarga jazo tayinlash jarayonida ichki ishlar tizimi xodimlari bilan birga, sektor rahbari, prokuratura, Majburiy ijro byurosi, hududiy profilaktika inspektori, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yoshlar ittifoqi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, xalq ta’limi, bandlik, sog‘liqni saqlash bo‘limlari va boshqa qator tashkilotlar vakillari, shuningdek, mahalla posbonining ishtiroki, ya’ni ularning hamkorlikda ish olib borishi shart qilib belgilab qo‘yildi.

Endi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga ularning barchasi mas’ul, o‘zaro hamkorligi yanada mustahkamlanadi. Bu jarayon qanday ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi? Deylik, bir o‘quvchi sababsiz maktabga kelmadi. Buning uchun o‘qituvchi javob beradi. Binobarin, u o‘quvchini surishtirishi, uning darsga kelmagani sababini aniqlashi kerak. Lekin bunga uning vaqti ham, imkoni ham yo‘q. Chunki u dars o‘tishi zarur. Yangi tizimga ko‘ra, o‘qituvchi ana shu holatda ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektoriga, mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisiga telefon orqali xabar beradi. Ular maktabga kelmagan bolani so‘rab-surishtiradi, uning darsga nima uchun bormagani sababini o‘rganadi, darsga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘radi.

Yoki qayerdadir jinoyat sodir etildi, deylik. Ichki ishlar bo‘limi bu haqda jinoyatni sodir etgan fuqaro yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘iniga, uning ish joyiga, o‘qiydigan ta’lim muassasasiga, agar ayol kishi bo‘lsa, u yashaydigan hududdagi xotin-qizlar qo‘mitasiga zudlik bilan xabar beradi. Jinoyat yoki huquqbuzarlikning sabab va omillari birgalikda o‘rganib chiqiladi, jazo tayinlashda ham ularning barchasi o‘z fikrini, munosabatini bildiradi. To‘g‘ri, jinoyat sodir etgan shaxs jazolanishi kerak. Lekin fuqaro o‘zi bilmagan, istamagan holda jinoyat yoki huquqbuzarlik ishtirokchisiga aylanib qolgan bo‘lishi mumkin. Shunday holatda mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi o‘sha fuqaroni kafillikka olish orqali unga tayinlanadigan jazoni yengillatishi yoki jazodan ozod qilishi mumkin. Shu tariqa tom ma’noda adolat va haqiqat qaror topadi. Kimgadir nohaq ayblov qo‘yilishining oldi olinadi.

Eng asosiysi, jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan fuqaro qilmishi mahallasida muhokama qilinadi, unga keng jamoatchilik tomonidan ta’sir choralari ko‘riladi. Bu albatta, har qanday jinoyat qilishga moyilligi bor shaxsni o‘ylab, mulohaza bilan ish yuritishga undaydi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishda turli tadbirlar, davra suhbatlari va muloqotlar ham ijobiy natija beradi.

Ayni paytda ushbu tizimni shakllantirish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda, qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mahallalarga profilaktika inspektorlari, sektor rahbarlari, mahalla fuqarolari yig‘ini raislari va boshqa mutasaddilarning ish joyi, telefon raqamlari ko‘rsatilgan 70 mingdan ziyodtashrif qog‘ozi (vizitka) xonadonlar, korxona va tashkilotlarga tarqatildi.

– Mahallamizdagi 724 xonadonda 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Andijon shahridagi “Maorif” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Mamasoliyev. – Barcha xonadonlarga mas’ul shaxslarning telefon raqamlari ko‘rsatilgan tashrif qog‘ozlar, shuningdek, xonadonda, qo‘ni-qo‘shnilar orasida jinoyat keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlar, vaziyatlar xususida mutasaddi idoralar vakillariga xabar berish zarurligi bo‘yicha ogohlantirish xatlari tarqatildi. Maqsad, mahalladagi har qanday muammoni shu yerning o‘zida bartaraf etish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishdir.

“Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tamoyili asosida jinoyatchilik holatlarining oldini olishga nafaqat huquq-tartibot idoralari xodimlari, balki korxona, tashkilot, muassasalar, shuningdek, xotin-qizlar qo‘mitasi, yoshlar ittifoqi, mahalla fuqarolar yig‘inlarining rahbarlari ham mas’ul hisoblanadi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 972