O‘zA O`zbek

24.08.2018 17:50 Chop etish versiyasi

Andijonda xususiy maktab ish boshladi

Andijonda xususiy maktab ish boshladi Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida Andijon shahrida “Zahiriddin Muhammad Bobur Universal Academiy” deb nomlangan xususiy umumtaʻlim maktabi ish boshladi.

Viloyat hokimligining koʻmagi bilan Andijon milliy hunarmandchilik va ijtimoiy iqtisodiyot kasb-hunar kollejining boʻsh turgan binosi rekonstruksiya qilinib, moslashtirilgan, zamonaviy koʻrinishga ega 600 oʻringa moʻljallangan viloyatdagi ilk xususiy umumtaʻlim maktabida ingliz, rus tillari hamdamatematika fani chuqurlashtirib oʻqitiladi.

– Maktabimizda oʻquvchilarning puxta bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, – deydi muassasa rahbari Nilufar Haydarova. – Mavjud 27 oʻquv xonasi bugungi kun talabi darajasida jihozlandi. Ayni kunda 2018/2019 oʻquv yili uchun 1-5 sinflarga oʻquvchilar qabul qilinmoqda. Ularga ikki mahal issiq ovqat beriladi, uzoqdan kelganlar yotoqxona bilan taʻminlanadi.

Oʻquvchilar suhbat asosida qabul qilinib, iqtidoriga qarab qaysi yoʻnalishda oʻqishi aniqlanadi. Oʻndan ortiq toʻgaraklar tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Dars va toʻgarak mashgʻulotlarini malakali pedagoglar hamda hindistonlik tajribali mutaxassislar oʻtadi.

Muassasaning oʻquv dasturlari, darsliklar bilan taʻminlanishi viloyat xalq taʻlimi boshqarmasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Taʻlim-tarbiya jarayonida oʻquvchi psixologiyasini rivojlantirish, erkin muloqot qilish koʻnikmasini shakllantirish, maktab jamoasi hamda ota-onalar hamkorligiga alohida eʻtibor qaratilishi belgilangan.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat) OʻzA
3 699