O‘zA O`zbek

20.08.2018 12:14 Chop etish versiyasi

Andijonda Qurbon hayiti munosib nishonlanadi

Andijonda Qurbon hayiti munosib nishonlanadi
Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bugun xalqimizga mana shunday asriy orzular ro‘yobini tuhfa etgan ulug‘ ne’mat – istiqlolimizga, tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik har bir yurtdoshimiz qalbida jo‘sh urmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 15-avgustdagi “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda Qurbon hayitini munosib nishonlash, bayramni tartibli, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishini ta’minlash uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, qolaversa, Qurbon xayti bayramini yuqori saviyada o‘tkazish uchun Andijon viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Aholi qalbiga bayram shukuhini singdirish, mamlakatimizda ibodat qilish, diniy amallarni ado etish uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni tushuntirish maqsadida keng jamoatchilik vakillari hamkorligida mahallalarda, masjidlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.

– Qurbon hayiti namozi viloyatdagi 169 ta jome’ masjidi hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida o‘qiladi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov. – Hayit namozlari o‘qiladigan masjidlar taxt holatga keltirilib, namozxonlar uchun zarur barcha sharoit va qulayliklar yaratildi.

Darhaqiqat, Hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda tozalik, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, sanitariya-epidemologiya nazorat markazi xodimlari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Bu boradagi aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

Bundan tashqari, aholiga bayramona va ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida masjidlarga kishi ruhiyatini ko‘taruvchi shior va pannolar o‘rnatildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Qurbon hayiti bayrami viloyatda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishi uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
3 708