O‘zA O`zbek

15.01.2018 17:23 Chop etish versiyasi

Andijonda pasport-viza qoidalarini buzgan 161 nafar shaxs aniqlandi

Andijon viloyati mehnat jamoalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari yaxshi samara berayotir.

Profilaktika tadbirlarida fuqarolarning pasport-viza, doimiy yoki vaqtincha yashash, yong‘in, harakat xavfsizligi tartib-qoidalariga rioya etishlari nazoratdan o‘tkazildi. Jumladan, viloyatdagi 14 ming 783 xonadon o‘rganilganda pasport-viza tartib-qoidalarini buzgan 161 nafar shaxs aniqlandi. Ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, ichki ishlar idoralari profilaktik hisobida turgan 1774 nafar shaxs va ularning oila a’zolari hamda ov quroli bo‘lgan 212 fuqaro bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Mulkiy turdagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida olib borilgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida 3 obyekt qo‘riqlash pultiga ulandi, 8 obyektga videokuzatuv moslamasi o‘rnatildi.

Yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida 227 obyekt nazoratdan o‘tkazilib, 31 yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish holati aniqlandi, ularga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
8 491