O‘zA O`zbek

08.01.2018 14:15 Chop etish versiyasi

Andijonda onalar askar o‘g‘illari bilan diydorlashdi

Andijonda Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir!” shiori ostida harbiy qismlar, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Andijon va Buxoro viloyatlari hokimliklari hamkorligida Andijon va Buxoro viloyatlarida yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar va ularning onalari ishtirokida o‘tkazilgan videomuloqot ularning hayotida unutilmas voqeaga aylandi.

– Ushbu muloqot haqiqatdan ham askarlar va ularning onalariga cheksiz quvonch va o‘zgacha surur bag‘ishladi, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – Buxoroda o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan farzandi bilan bevosita muloqot qilish har qanday onaning ko‘ngliga xotirjamlik baxsh etadi. Onalar harbiylar hayoti, ularga yaratib berilgan sharoitlar haqida farzandlari bilan suhbatlashdi, dil so‘zlarini, bayram tilaklarini izhor etdi.

– O‘g‘lim Fayzullo Avazxonov bolaligidan harbiy bo‘lishni orzu qilardi, – deydi Oltinko‘l tumani Maslahat qishlog‘ida yashovchi O.Mo‘ydinova. – Niyati amalga oshib, bugun o‘z yigitlik burchini Buxoro viloyatida ado etmoqda. Videomuloqotda o‘g‘limni harbiy libosda ko‘rib, beixtiyor to‘lqinlanib ketdim. Vatan koriga yaraydigan farzand tarbiyalaganimdan qandaydir g‘urur tuydim.

Askar onalariga Andijon viloyati hokimligining sovg‘alari berildi, badiiy jamoalar, san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
8 437