Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.12.2017 20:38 Chop etish versiyasi

Andijonda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xiyoboni ochildi

Andijonda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xiyoboni ochildi Yozuvchi va shoirlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Muhammad Yusufning oila a’zolari, shogirdlari, ijodkor yoshlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etgan tadbirda milliy adabiyotimizni rivojlantirish, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish, ijod ahliga munosib sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasini abadiylashtirish, ijodini o‘rganish va targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

3.JPG

Prezidentimiz joriy yilning 2-3-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat markazida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish, yoshlarga uning ijodini, o‘zbek adabiyotining yangi qirralarini chuqur o‘rgatish, iste’dodli ijodkorlarni tarbiyalash yuzasidan topshiriqlar bergan edi.

Davlatimiz rahbarining taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 iyulda «Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti o‘rnatilgan xiyobonni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

5.JPG

Zamonaviy o‘zbek adabiyotining atoqli vakili Muhammad Yusuf xalq dardini oddiy va ravon tilda kuyladi, vatanparvarlik, go‘zallik, muhabbat va sadoqatni o‘zigagina xos betakror usulda tarannum etdi. Shoir bugun oramizda bo‘lmasa-da, xalqimiz o‘zining ardoqli farzandini aslo unutgani yo‘q. Uning nomi, ijodi tillarda doston, asarlari minglab qalblarga quvonch, samimiyat, go‘zallik ulashmoqda, she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar hamon sevib tinglanmoqda.

Andijon shahrining Amir Temur ko‘chasida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti o‘rnatilgan xiyobon barpo etilishi shoir xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlardan bir misol, xolos.

6.JPG

Maktab va xiyobon “Azimut stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa vaqtda bunyod etildi. Qurilish va bunyodkorlik ishlari uchun 2 milliard 648 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, haykaltarosh Shohruxbek O‘rozov tomonidan yaratilgan byust, shuningdek, ikkita favvora, manzarali gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan mazkur xiyobon Andijon shahrining ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shish bilan birga, yosh ijodkorlarni tarbiyalaydigan ziyo maskaniga aylanishi shubhasiz.

– Joriy o‘quv yilida maktabimizda 150 ga yaqin yosh tahsil olmoqda, – deydi Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab direktori Sh.Nurmatova. – Bilim dargohimizda umumta’lim fanlari bilan birga, adabiyot va badiiy ijod borasida puxta bilim olish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Tadbir ishtirokchilari maktabda tashkil etilgan Muhammad Yusuf muzeyi, shoir ijodiga bag‘ishlangan ochiq dars, Muhammad Yusuf izdoshlari adabiyot to‘garagi faoliyati bilan tanishdi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

Fahriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
13 198