Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 18:45 Chop etish versiyasi

Andijonda kitob yarmarkasi tashkil etildi

Andijonda kitob yarmarkasi tashkil etildi Andijon shahridagi “Barkamol avlod” viloyat bolalar ijodiyoti markazida “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida kitob yarmarkasi o‘tkazilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, "Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasi hamda “O‘zdavkitobsavdota’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, yoshlar faol ishtirok etayotir.

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida milliy adabiyotimizni rivojlantirish, buyuk ajdodlarimizning boy merosini asrab-avaylash, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilayotgan alohida e’tibor xalqimiz tafakkurini yuksaltirish, yosh avlodni bilimli, sog‘lom fikrli, ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

– Insonning ong va tafakkurini charxlash, ma’naviy olamini boyitish, ezgulikni targ‘ib etishda kitobning o‘rni beqiyosdir, – deydi "Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasi direktori Shuhratbek Oxunjonov. – Ushbu tadbir davlatimiz tomonidan adabiyotni, kitob mahsulotlari chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va erishilayotgan natijalarni keng jamoatchilikka namoyish etish, xalqimiz, jumladan, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni jonlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Kitob savdosi yarmarkasida aholiga deyarli barcha mavzularni qamrab olgan 70 ming nusxadan ortiq kitob taqdim etilmoqda.

Ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan kitoblar yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

– Kitob savdosi yarmarkasiga o‘quvchilarim bilan birga keldim, – deydi Andijon qurilish va transport kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Umida Sotvoldiyeva. – Bu yerda rang-barang mavzulardagi kitoblar bilan tanishdik va ulardan xarid qildik.

– Turli yo‘nalish va mavzularda taqdim etilayotgan kitoblar o‘zining sifati, narxining arzonligi bilan e’tiborimni tortdi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi Zuhriddin Shodmonov. – Qolaversa, yarmarkada anchadan buyon qidirib yurgan kitoblarimni topdim.

Yarmarkada savdolar naqd pul, plastik kartochka hamda pul o‘tkazish yo‘li orqali amalga oshirilayotganligi xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Kitob yarmarkasi hafta oxiriga qadar davom etadi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
1 919






Все о погоде - Pogoda.uz