O‘zA O`zbek

08.08.2018 16:46 Chop etish versiyasi

Andijonda jinoyatchilik 33 foizga kamaydi

Andijonda jinoyatchilik 33 foizga kamaydi
Andijonda avval jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etilish holatlari 33 foizga kamaydi.

Andijonda viloyat ichki ishlar organlari tomonidan tuman-shahar hokimliklari, huquq-tartibot idoralari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida turli jinoyatlar sodir etib, ilgari sudlangan, jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan shaxslar bilan olib borilgan ishlar natijasida mazkur toifadagi shaxslar o‘rtasida qayta jinoyat sodir etilishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga kamaygan.

Ayniqsa, bu ko‘rsatkich Baliqchi, Asaka va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida sezilarli kamaygan. Ulug‘nor va Bo‘z tumanlarida esa muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan umuman qayta jinoyat sodir etilmadi.

– Ilgari sudlanganlar tomonidan takroran jinoyat sodir etilishining oldini olishda avvalo, ularning oilaviy sharoitlarini o‘rganish, turmush sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati guruhi boshlig‘i Sherzodbek Nuriddinov. – Jumladan, qator tashkilotlar hamkorligida joriy yilning birinchi yarmida 37 marotaba “Mehnat yarmarkasi” o‘tkazilib, 283 nafar avval sudlangan fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, jinoyat sodir etgan shaxslarning yashash manzillariga borib, sodir etilgan jinoyatni joylarda muhokama qilish, sayyor sudlar o‘tkazish, jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga keng jamoatchilik ta’sirini o‘tkazish amaliyoti ham samarali natijalar bermoqda.

F.Ubaydullayev, O‘zA
2 527