Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.08.2017 16:49 Chop etish versiyasi

Andijonda ehtiyojmand oilalarga yangi uylar topshirildi

Andijonda  ehtiyojmand  oilalarga yangi  uylar  topshirildi Xalqimizga xos yuksak fazilatlar haqida gap ketganda, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat va saxovatpeshalik alohida tilga olinadi. Darhaqiqat, bularning barchasi xalqimizning kundalik hayot tarzi, orzu-maqsadlari, sa’y-harakatlari bilan hamohangdir.

Binobarin, inson va uning manfaatlari ustuvor sanalgan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat zamirida ham aholi turmushi farovonligini yanada yuksaltirish, ayniqsa, kam ta’minlangan va o‘zgalar ko‘magiga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratishdek olijanob maqsadlar mujassam.

Andijon viloyatida ehtiyojmand oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga Prezident sovg‘asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarni tantanali topshirish marosimida ham bunday yuksak insoniy fazilatlar yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. 

Prezidentimiz rahnamoligida odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish, og‘irini yengil qilish borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. 

– O‘g‘lim Azizbek ham, kelinim Dildoraxon ham II guruh nogironi, –deydi Baliqchi tumani "Avesto" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Qimmatxon Toshtanova. – To‘rt farzandim bor, ikkovi uylangan. Hozir 4 sotixli hovlida uch oila, 10 jon yashaymiz. Shu torgina hovlida kenja o‘g‘lim tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, tovuq boqadi. Ancha qiynalib qolgan edik. Shuning uchun Prezidentimizning virtual qabulxonasiga uy-joy olish masalasida murojaat qilgan edik, mana bugun Archazor mahallasida barpo etilgan yangilangan loyihadagi 2 sotixli uylardan biri o‘g‘lim Azizbekka ajratildi. Buning ustiga uyning boshlang‘ich to‘lovi Prezidentimiz tomonidan to‘lab berildi. Biz kabi qo‘li kalta, ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Paxtaobod tumani Soybo‘yi mahallasida yashovchi Munosibxon Xoldinova ko‘zi ojiz, I guruh nogironi. Turmush o‘rtog‘i Qobiljon Xoldinov ham ruhiy xasta. Bir uyda 11 jon istiqomat qiladi. Bugun unga Prezidentimiz nomidan Ma’rifat mahallasida barpo etilgan ko‘p qavatli uylardan ikki xonali kvartiraning kaliti topshirildi.

– Yoshim oltmishdan oshdi, – deydi Munosibxon opa. – Hayotimda bugungiday quvonganimni ochig‘i, eclolmayman. Bolalarimning quvonchi menikidan ortiq. Men kabi ko‘zi ojiz insonga, oilamga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlikdan yashashga bo‘lgan umidim, davlatga ishonchim ming chandon ortdi. Dunyoda yaxshi insonlar ko‘pligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Agar shu e’tibor bo‘lmasa, bizda bunday zamonaviy uy-joy qilishga imkon qayoqda edi, deysiz. Yurtimiz tinch, ko‘nglimiz xotirjam. Shuning o‘zi eng katta baxt aslida. Ilohim, tinchligimizga, ahilligimizga ko‘z tegmasin, yurtparvar davlatimiz rahbari omon bo‘lsin! 

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizning bir guruhiga barcha qulayliklarga ega zamonaviy uylar sovg‘a qilingani ular uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi.

– Yangi uy II guruh nogironi Umidjon Dehqonov va uning oilasi uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi, – deydi Jalaquduq tumanidagi "Namuna" mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Viloyatxon O‘rinova. – Umidjon 3 farzandi bilan mahallamizdagi xonadonlardan birida ijarada yashar edi. Mana, davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan uning oilasiga Sharhoncheki mahallasida barpo etilgan uch xonali uylardan biri berildi.

– Har bir insonning o‘z uyi bo‘lgani yaxshi, – deydi yangi uy sohibi Umidjon Dehqonov. – Ayniqsa, uch farzandi bilan ijarada yashayotgan insonga uyning qadri nechog‘li baland ekanini taqdiri menga o‘xshaganlargina yaxshi tushunadi. Ehtiyojmand oilalar, ko‘ngli yarim insonlarga baxtiyor yashash quvonchini baxsh etayotgan, inson sha’ni, qadr-qimmati ulug‘lanadigan yurt fuqarosi ekanimdan faxrlanaman. 

Shu kuni Buloqboshi tumanida yashovchi Irodaxon Hamdamova, paxtaobodlik Adolatxon Abdurahmonova, marhamatlik Shahnoza Adhamova, shahrixonlik Ozodbek Xudoyberdiyev, ulug‘norlik Gulnora Hamdamova, qo‘rg‘ontepalik Nargiza Qurbonova, Husan Sodiqovlarga ham Prezidentimiz sovg‘asi – yangi uylar kaliti topshirildi. 

Mamlakatimizda eng ulug‘, eng aziz bayramimiz oldidan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar yoshu keksa barchani yurtimizda ro‘y berayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlarida yanada faol ishtirok etishga undamoqda, odamlarda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlamoqda. 

Tadbirlarda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
3 136






Все о погоде - Pogoda.uz