O‘zA O`zbek

29.08.2018 16:35 Chop etish versiyasi

Andijonda 87ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtincha toʻxtatildi

Andijonda 87ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtincha toʻxtatildi
Xalqimiz eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini koʻngildagidek oʻtkazishi, bayram tadbirlari tashkil etiladigan maskanlarda, shuningdek, korxona va muassasalarda, aholi xonadonlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yongʻin xavfsizligi tizimi xodimlari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

Shu bois tizim xodimlari umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish,bayram kunlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yongʻinlar kelib chiqishining oldini olish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Andijon viloyati IIB yongʻin xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

– Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish davrida jamoat tartibini saqlash, yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha reja asosida tashkiliy-amaliy tadbirlar olib borilmoqda, – deydi viloyat IIB yongʻin xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Abdugʻani Avazov. – Viloyatda Mstaqillik bayramining asosiy tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan 18 maskan atrofida joylashgan tashkilot, muassasa va aholi turar joylari, koʻp qavatli uylarning yongʻin xavfsizligi holati oʻrganib chiqildi. Tekshiruvlar jarayonida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.

Ayni kunlarda soha xodimlari tomonidan yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yongʻin kelib chiqishining oldini olish, aholining bu boradagi bilimini oshirish borasida zarur profilaktik va targʻibot ishlari olib borilmoqda. Mahallalarda, korxona, tashkilot va taʼlim muassasalarida uchrashuvlar, suhbatlar oʻtkazilmoqda.

Bayram tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan joylarda jamoat tartibini, xavfsizlik va yongʻin xavfsizligini taʼminlash, turli noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan “Antiterror”, “Tozalash”, “Yongʻin profilaktikasi” tadbirlari oʻtkazildi.

Mazkur tadbirlar doirasida 316 ta koʻp qavatli uy va ularning yertoʻlasi, tomi, 55 mingga yaqin hovli, 87 shifoxona, 46 bozor va uning filiallari, 500 dan ortiq savdo doʻkoni hamda maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi, 12 avtomobil turar joyining yongʻin xavfsizligi holati monitoring tariqasida oʻrganib chiqildi. Joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrildi. Yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilmagan 117 nafar masʼul shaxsga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrildi, yongʻin kelib chiqish ehtimoli boʻlgan 87 bino va inshootning ish faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

Bundan tashqari, bayram tadbirlari oʻtkaziladigan hamda oʻta muhim va toifalangan maskanlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun zarur texnik vosita va jihozlar shay holatga keltirildi. Yuz berishi mumkin boʻlgan yongʻinlarni betalafot bartaraf etish borasida shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligi va professional mahoratini yuksaltirishborasida ham zarurishlar amalga oshirildi.

Bayram tadbirlari oʻtkaziladigan maskanlarda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tomoshabinlar va ishtirokchilarni evakuatsiya qilish, shuningdek, yongʻin xavfsizligi xizmati shaxsiy tarkibining jangovar tayyorgarligi va professional mahoratini oshirish maqsadida reja asosida 18 marta yongʻin oʻchirish amaliy-taktik mashgʻuloti oʻtkazildi. Ana shu tadbirlar doirasida 11 yer osti yongʻin oʻchirish suv gidranti, 46 ta suv hovuzining texnik holati tekshirildi. Umuman, bayram tantanalari boʻlib oʻtadigan asosiy maydonlar, istirohat bogʻlarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrildi, tegishli tartibda navbatchilik joriy etildi.

FaxriddinUbaydullayev, OʻzA
1 194