O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Andijonda 46 xotin-qizga yangi uy berildi

Andijonda 46 xotin-qizga yangi uy berildi

Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Andijon viloyati Baliqchi, Jalaquduq va Buloqboshi tumanlarida uy-joyga muhtoj, ogʻir ijtimoiy vaziyatda yashayotgan hamda nogironligi boʻlgan 46 xotin-qizga yangi uy-joylar topshirildi.

Uylarni topshirishga bagʻishlangan tadbirlarda mamlakatimizda odamlarning ogʻirini yengil qilish, ularning hayotdan rozi boʻlib yashashlariga koʻmaklashish, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalar vakillarini, nogironligi boʻlgan, ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan ayollarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.

– Jismoniy imkoniyati cheklangan opa-singillarimizni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – dedi viloyat hokimi oʻrinbosari, viloyat Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – Birgina 2019-yilning oʻzida 347 xotin-qizga berilgan yangi uy-joylar uchun boshlangʻich badal sifatida turli manbalar hisobidan 5 milliard 389,2 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi.

Joriy yil Mustaqillik bayrami arafasida 388 ana shu toifadagi ayollarga uylar berilgan boʻlsa, bugun yana 49 xotin-qiz yangi uy sohibasiga aylandi.

– Tugʻruqdan keyin falaj boʻlib qolganman, – dedi Jalaquduq tumanidagi Bozorboshi mahallasida yashovchi Shahnoza Yoʻldosheva. – Birinchi guruh nogironiman, taqdir ekan, turmushim buzilgan. Oʻz uyim yoʻqligi uchun farzandim bilan koʻp qavatli uyda ota-onamning xonadonida yashab kelar edik. Xotin-qizlar qoʻmitasi vakillari sharoitimizni oʻrganib, uy-joy berilishi uchun roʻyxatga kiritganlarida ochigʻi uy-joy olishga ishonmagan edim. Bugun dunyoda mendan baxtli inson yoʻq. Endi oʻz uyim bor, xotirjam yashayman. Hatto, yaqinlarim koʻrsatmagan bunday yaxshilikdan, davlatimizning gʻamxoʻrligidan yashashga boʻlgan umidim ortdi. Qiynalib yashayotgan men kabi ayollar holidan xabar olib, ularning mushkulini oson qilayotgan insonlarga, mana shunday xayrli ishlarning boshida turgan Prezidentimizga mingdan ming rahmat.

Umuman, viloyatda yangi uy-joy bilan taʼminlangan opa-singillarimizning aksariyatini jismoniy imkoniyati cheklangan xotin-qizlar tashkil etadi.

Arzonlashtirilgan loyiha asosida uy-joylar bilan taʼminlangan, lekin doimiy daromadga ega boʻlmagan va kreditini qoplashga layoqati yetarli boʻlmagan, biroq kasanachilik bilan shugʻullanish istagidagi 89 xotin-qizga Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan zamonaviy tikuv mashinalari berilib, kasanachilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali ularning bandligi taʼminlandi.

Shuningdek, Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarning 105 nafariga nogironlik aravachasi, 39 nafariga eshitish vositasi, 63 nafariga turli reabilitatsiya vositalari – hassa, qoʻltiq tayoq, yurish moslamalari taqdim etildi.

Taʼkidlash kerakki, joriy yilning oxiriga qadar Andijon, Marhamat, Xoʻjaobod, Ulugʻnor tumanlarida yashovchi kam taʼminlangan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan yana 91 xotin-qiz uy-joy bilan taʼminlanadi.

688
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA