O‘zA O`zbek

06.08.2018 20:44 Chop etish versiyasi

Andijonda 1973 ajrim qayd etildi

Andijonda 1973 ajrim qayd etildi Andijon viloyatida joriy yilning birinchi yarmida 1 ming 550 dan ortiq oila ajralib ketishining oldi olingan, 1 ming 973 ta ajrim qayd etilgan.

Bu haqda Andijon tumanida o‘tkazilgan “Ibratli hayot maktabi” nomli tadbirda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Andijon viloyati boshqarmasi rahbari L.Jalolova ma’lum qildi.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda FHDYO bo‘limlari mudirlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining xotin-qizlar qo‘mitalari boshlang‘ich tashkilotlari raislari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislari, otinoyilar, fuqarolar yig‘inlari qoshidagi “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik tuzilmalari, Yarashtirish komissiyalari raislari, faol xotin-qizlar ishtirok etdi.

Tadbirda oilaviy ajrimlar, u bilan bog‘liq nizolarni bartaraf etish, noqonuniy nikoh, ayollar jinoyatchiligining oldini olish masalalari xususida fikr almashildi.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar hamda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tuman va shahar bo‘limlari mutaxassislari hamkorligida ajrimlarning sabab va omillari o‘rganib chiqilgani qayd etildi. Jumladan, ajrimlarning aksariyatiga qaynona-kelin, quda-anda va oilaning boshqa a’zolari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, farzandsizlik, qonuniy nikohi bekor bo‘lmasdan boshqa ayolga shar’iy nikoh asosida uylanib olish holatlari sabab bo‘lmoqda.

Seminarda oilalarni mustahkamlash, ulardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, noqonuniy, erta turmush va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, ayollar bilan bog‘liq jinoyatchilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 653