Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 12:50 Chop etish versiyasi

Andijon yanada obod bo‘lmoqda

Andijon yanada obod bo‘lmoqda "Andijonni ko‘rkam va obod viloyatga aylantiraylik!" an’anaviy ko‘rik-tanlovi Vatanimiz mustaqilligining yigirma olti yillik bayrami arafasida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Bunyodkorlik va obodonlashtirish borasidagi ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ommalashtirish, el-yurt farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlarda aholi, ayniqsa, yosh avlodning faol ishtirokini ta’minlash, qishloq, mahalla, tashkilot va muassasalarda tozalik-orastalik, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini keng yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan ko‘rik-tanlov tadbirlarida barcha o‘z xohishi bilan ishtirok etmoqda.

Tanlovda xonadonlar, ko‘p qavatli turar joy binolari atrofining ozodaligi, saranjom-sarishtaligi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, xalq amaliy san’ati va milliy hunarmandlikni keng namoyish etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘rik-tanlov doirasida Shahrixon va Andijon tumanlarida bo‘lib o‘tgan tadbirlar xalq sayliga aylanib ketdi.

Shahrixon tumani markazida o‘tkazilgan shunday tadbir doirasida "Do‘lan" mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi, “Shahrixon baraka gaz” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish korxonasi hamda tuman markazida “Mustaqillik” savdo majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu aholiga savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish bilan birga, o‘nlab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.

O‘rta Shahrixon qishlog‘ida yangi tashkil etilgan intensiv bog‘, Bo‘ston mahallasida ishga tushirilgan “Saxovat teks” xususiy korxonasida 200 dan ziyod yosh mutaxassis doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Yangi ochilgan “Ayollar maslahat markazi” ayollarning muammolari, o‘y-tashvishlarini o‘rganish, ularni bataraf etishga ko‘maklashishga xizmat qiladi. "Vahm" mahalla fuqarolar yig‘inida T.Sarimsoqov nomidagi qishloq vrachlik punktining yangi binosi foydalanishga topshirilgani qishloq ahliga eng ulug‘, eng aziz ayyom oldidan o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.

– Yoshim yetmishdan oshganidanmi, tez-tez xastalanib qolayapman, – deydi shu mahallada yashovchi mehnat faxriysi To‘xtaxon Yo‘ldosheva. – Ana shunday paytda qishloq vrachlik punkti shifokorlari, ayniqsa, patronaj hamshirasi darrov uyimizga kelib zarur muolaja ko‘rsatadi, tavsiya-maslahatlar beradi. Baraka topishsin. Qishloq aholisiga ham zamonaviy sharoitlar yaratib berayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz.

Yangi Naynavo mahallasida hunarmandlar ko‘rgazmasi va iste’dodli yoshlar tomonidan tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar barchada katta taassurot qoldirdi. Tumandagi Do‘lan, Besh mahalla, Namozgoh, Abdusamad, Navbahor, Qoziqo‘rg‘on, Segaza mahallalarida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlariga yuqori baho berildi.

Andijon tumanidagi korxona-tashkilot, muassasalarda, guzar va mahallalarda ham eng ulug‘, eng aziz bayramimizga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

– Obodlik, saranjom-sarishtalik bor joyda baraka, yuksalish bo‘ladi, – deydi Andijon tumani hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nodiraxon Zokirova. – Vatanimiz mustaqilligining yigirma olti yilligi oldidan har bir mahalla, ko‘cha va xonadonni yanada obod qilishdek ezgu tadbirlarda yoshu keksa birdek faol ishtirok etayotgani har qanday kishini xursand qiladi.

Tanlov tadbirlari doirasida tumandagi Baxt mahallasida 32 xonadonli ikki qavatli uy foydalanishga topshirildi.

– Ikki farzandim bor, uy-joyga juda muhtoj edim, – deydi Orol mahallasida yashovchi uy bekasi Munojot Mirqosimova. – Mustaqillik bayrami arafasida yangi barpo etilgan uyning 2 xonali kvartirasini menga berishdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan bunday chiroyli va ko‘rkam uylardan birining sohibi bo‘lganimdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

Shu kuni tuman markazi va qator mahallalarda sport musobaqalari, hunarmandlar mahsulotlari, gullar ko‘rgazmasi, savdo yarmarkalari tashkil etildi.

"Andijonni ko‘rkam va obod viloyatga aylantiraylik!" ko‘rik-tanlovi viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
1 726






Все о погоде - Pogoda.uz