Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 11:07 Chop etish versiyasi

Andijon viloyati ona va bola skrining markazi binosi kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi

Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi ortmoqda. Kapital ta’mirlangan Andijon viloyati ona va bola skrining markazi binosi ana shu yo‘nalishdagi ishlarga yorqin misoldir.

– Kapital ta’mirlash va jihozlash uchun 680 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi, – deydi viloyat ona va bola skrining markazi bosh shifokori Ra’no Sattorova. – Markazda onalardagi tug‘ruqoldi va chaqaloqlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan irsiy xastaliklarni erta aniqlash, samarali davolash, bexatar onalikni ta’minlash, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida aholiga katta qulaylik yaratildi.

Markaz ko‘p funksiyali ultratovush tekshiruvi apparati bilan ta’minlangan. Homilador ayollar chuqurlashtirilgan skrining tekshiruvidan o‘tkazilib, homilada nuqson bor-yo‘qligi aniqlanadi, aniq tashxis qo‘yilib, zarur tavsiya va maslahatlar beriladi. Xususan, bu yerda 2017-yilda 32 ming 560 nafar chaqaloq, 27 ming 700 dan ortiq homilador ayol ko‘rikdan o‘tkazildi.

2018-yilda markazga qariyb 80 million so‘mlik yangi zamonaviy tekshiruv apparatlari, zarur reaktivlar keltiriladi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
8 079