Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.02.2018 12:52 Chop etish versiyasi

Andijon temir yo‘l vokzalida muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yigitlar tantanali kutib olindi

Andijon temir yo‘l vokzalida muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yigitlar tantanali kutib olindi Keng jamoatchilik vakillari, sobiq harbiy xizmatchilarning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz mudofaa qudrati va harbiy salohiyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

– Keyingi yillarda nafaqat harbiy xizmatga chaqirilayotgan, balki xizmatni o‘tab qaytgan yigitlarni ham tantanali kutib olish yaxshi an’anaga aylandi, – deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv bo‘lim boshlig‘i, mayor Abdulhamid Mullaboyev. – Kutib olish marosimini mazmunli, bir umr esda qolarli tarzda o‘tkazish uchun viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida zarur sharoit va qulayliklar yaratilgan.

3.JPG

Ma’lumki, muddatli harbiy xizmatni a’lo darajada o‘tagan yigitlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishida qator imtiyozlar berilayotir. Bu esa yoshlarning milliy armiyamiz saflarida xizmat qilishga bo‘lgan qiziqish va intilishini yanada oshirmoqda.

Yigitlik burchini muvaffaqiyatli o‘tab qaytganlar orasida Paxtaobod tumanidagi To‘raobod mahallasidan Hayitali Sobirov ham bor.

5.JPG

– Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan birida yigitlik burchimni o‘tadim, – deydi Hayitali. – Armiyada har tomonlama toblandim. Namunali xizmatim uchun harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomasiga sazovor bo‘ldim. Endi Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kirish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘raman.

Harbiy xizmatdan qaytgan yigitlar viloyat mudofaa ishlari boshqarmasidan uylariga kuzatildi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
9 484