O‘zA O`zbek

09.08.2018 17:56 Chop etish versiyasi

Andijon matbuoti iqtisodiy qiyin davrni boshdan o‘tkazmoqda

Andijon matbuoti iqtisodiy qiyin davrni boshdan o‘tkazmoqda
Andijonda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriyev sayyor qabul o‘tkazdi.

Bosma matbuot nashrlari muharrirlari, nashriyot, bosmaxona va kitob savdosi tashkilotlari vakillari, ijodkorlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, nashriyotlar va tahririyatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada mehnat qilayotgan ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda sohada erishilgan yutuqlar bilan birga, imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, matbaa korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiya va ilg‘or ish uslublarini joriy etish masalalari, shuningdek, yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va muammolar xususida fikr almashildi.

– Bugungi kunda gazeta tahririyatlari iqtisodiy jihatdan bir muncha qiyin davrni boshdan o‘tkazmoqda, – deydi Paxtaobod tumani hokimligining “Davr sadosi” gazetasi muharriri Zamiraxon Kimsanova. – Ana shundan kelib chiqib, tuman-shahar gazetalari chop etilishini byudjetdan moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish, umuman, bunday paytda davlat tahririyatlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashi lozim. Aks holda, tahririyatlar qiyinchiliklar, muammolar qobig‘iga o‘ralashib qoladi va tabiiyki, samarali faoliyat yuritolmaydi.

Shuningdek, viloyatda kitob chop etish ishlari samaradorligini yuksaltirish, kitob do‘konlari tashkil etish, bu boradagi ishlar ko‘lami va sifatini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi. Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
4 107