O‘zA O`zbek

13.10.2019 Chop etish versiyasi

Amudaryo tumani davlatga paxta topshirish rejasini ortigʻi bilan bajardi

Amudaryo tumani davlatga paxta topshirish rejasini ortigʻi bilan bajardi

Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumani davlat xirmoniga 32 ming 250 tonnadan ziyod hosil topshirib, shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajardi. Tumanda 2019-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumi uchun puxta tayyorgarlik koʻrildi va tizimli asosda ish olib borildi. 360 ta terim otryadlari tashkil qilinib, mavsum davomida 7 ming 630 nafar fermer xoʻjaliklari ishchilari, 13 ming 871 nafar uyushmagan aholi vakillari koʻngilli ravishda yigʻim-terim ishlarida ishtirok etdi.

- Bu yil ham bobodehqonlarimiz yuksak natijalarga erishib, davlatga pilla va gʻalla topshirish boʻyicha rejalarini oshirib bajargandilar. Paxtakorlarimiz ham bir necha yillik anʼanalarini davom ettirgan holda Qoraqalpogʻistonda birinchilardan boʻlib, davlatga paxta sotish boʻyicha shartnomaviy rejalarni ortigʻi bilan bajardilar, - deydi Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yoʻldashev. - Yerdan rizq undirish, undan hosil olish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Dehqonlarimiz erta bahor, jazirama yoz mobaynidagi tabiat injiqliklarini oʻz bilim, tajriba va mahorati, mashaqqatli mehnati bilan mardonavor yengib, kuzning har bir iliq kunidan unumli foydalangan holda hosilni uyushqoqlik bilan yigʻib-terib olishdi.

Tumanda erta bahorda 366 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 15 ming 250 gektar maydonga “S 47-27”, “Sulton” va yangi “Buxoro-102” navli chigit ekildi. Oʻz vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida gʻoʻza nihollari tekis unib chiqdi. Vegetatsiya davrida barcha agrotexnik tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirildi. Jumladan, gʻoʻza nihollarini yagonalash, qator oralariga ishlov berish, begona oʻtlardan tozalash, sugʻorish va oziqlantirish, defoliatsiya va chekanka qilish kabi tadbirlar malakali mutaxassislarning tavsiyalari va dehqonlarimizning koʻp yillik tajribalari asosida sifatli amalga oshirildi. Bu ishlarga jami 73 mlrd soʻmga yaqin imtiyozli kreditlar ajratilib, barcha zarur resurslar muddatida yetkazib berildi hamda ishchilarning ish haqlari oʻz vaqtida toʻlab borildi.

Qulay ob-havo sharoiti, ishning tizimli asosda tashkil qilingani va dehqonlarimizning mashaqqatli mehnatlari evaziga dalalarda moʻl hosil toʻplanishiga erishildi.

Joriy yilda tumanda masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi qoshida paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil qilinib, jami 185 ta fermer xoʻjaliklari unga biriktirildi. Mazkur fermer xoʻjaliklarning 7146 gektar maydoniga chigit ekishdan tortib, hosilini yigʻib-terib olishgacha boʻlgan jarayonlardagi barcha tashkiliy va moliyaviy masalalar korxona tomonidan muvofiqlashtirilib borildi. Bu esa sohada haqiqiy bozor munosabatlarini oʻrnatib, yuqori natijalarga erishishga sabab boʻldi. Mazkur klaster tarkibidagi Namuna, Kuyuk koʻpir va Bobur nomli ovullardagi fermer xoʻjaliklari shartnomani birinchilar qatori bajardi.

Terimchilar uchun barcha sharoitlar yaratilib, dala boshida issiq ovqatlar tashkil qilindi. Ularning madaniy hordiq chiqarishi uchun konsert dasturlari uyushtirildi. Terim pullarining oʻz vaqtida, dala boshida berib borilgani va terimchilar uchun arzon narxdagi koʻchma doʻkonlar xizmat koʻrsatgani terim surʼatini oshirishda muhim omil boʻldi.

Qolaversa, turli musobaqalar tashkil qilinib, ilgʻor terimchilar muntazam ravishda ragʻbatlantirilib borilgani ularning moddiy manfaatdorligini oshirdi. Qoraqalpogʻiston Pespublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan “Eng ilgʻor terimchi oila” tanlovining oʻtkazilgani ham terimchilar gʻayratiga gʻayrat qoʻshdi.

Bugungi yuksak xirmonni bunyod qilishda Toshyop, Namuna, Kuyuk koʻpir, Bobur, Toʻlqin, Oʻrta qalʼa, Qilichboy, Qipchoq ovul hamda mahallalaridagi fermer xoʻjaliklari munosib hissa qoʻshdilar.

Toʻlqin ovulidagi “Amat Toʻrayev”, Qilichboy ovulidagi “Farhodov Asadbek” hamda “Ashirov Qahramon”, Doʻrman ovulidagi “Boburbek Oʻrozboyev”, Toshyop ovulidagi “Bekman Allaberganov” nomli fermer xoʻjaliklari davlatga paxta sotish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalarini tumanimizda birinchilar qatori bajardilar. Shuningdek, Oʻrta qalʼa ovulidagi “Oʻrozboy Ermanov” va “Erlapas”, Qilichboy ovulidagi “Pajabov Omonboy” kabi fermer xoʻjaliklari hosildorlikni gektaridan 35-40 sentnerga yetkazib, “oq oltin” xirmonning yanada baland boʻlishiga oʻzlarining hissalarini qoʻshdilar.

Terilgan paxta kuniga ikki mahal oʻlchab olinib, peshma-pesh qabul maskanlariga eltib turildi. “Amudaryo paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli barcha tayyorlov maskanlarida mavsum boshidan paxta qabul qilishga puxta hozirlik koʻrildi va hosilni qabul qilishga shay qilib qoʻyildi. Jamiyatga qarashli paxta tayyorlov maskanlarida hosil kechiktirilmasdan qabul qilib olindi.

1 351
Ye.Qanoatov, OʻzA