O‘zA O`zbek

27.09.2020 Chop etish versiyasi

“Amirsoy”: musaffo havodaga qiziqarli shoular

“Amirsoy”: musaffo havodaga qiziqarli shoular

Oʻzbekistonda ilk marta “Amirsoy Mountain Resort” togʻ-changʻi kurorti hududida avtomobil ixlosmandlari uchun katta bayram – Avto-moto festivali boʻlib oʻtmoqda.

“Uzbekinvest”, “UzAvtoMotors”, “Adrenaline Rush” hamda boshqa bir qator kompaniyalar hamkorligida oʻtkazilayotgan ikki kunlik festivalda “Amirsoy” barcha mavsumiy togʻ-changʻi kurorti eksklyuziv avto va moto texnika uchun bitta yirik avtoparkka aylanadi.

Unda hayotini tezlik va mashina boshqarishsiz tasavvur qila olmaydiganlar uchun 150 dan ortiq mashinalar, yetakchi ishlab chiqaruvchilarning mototsikllari, avtosport klublari kabi koʻplab qiziqarli narsalar bilan tanishish mumkin. Avtoparkda transportlarning eng arzonlaridan tortib, eng qimmatigacha, eng keksalaridan tortib yangisigacha namoyish etilmoqda.

Nafaqat retro, balki ayrim zamonaviy turdagi avtotransport vositalarini ham joyidan qщzgʻatish uchun juda koʻp yoqilgʻi sarf etiladi. Ammo, bizni qiziqtirgan yangi avlod elektromobillari bu borada ancha tejamli chiqib qoldi.

Yurtimiz bozorlariga oʻtgan yilning dekabrida kirib kelgan bu avtomobildan hozirgacha 15 dona sotilibdi.

– Amirsoyda oʻtkazilayotgan avto-moto festivalda biz yangi elektromobilmashinalarini namoyish etmoqdamiz,– deydi Zafar Olimjonov. – 650 ot kuchiga ega avtomobilimizdan foydalansangiz 100 kilometrga 5 ming soʻm sarflaysiz. Boshqa mashinalar bu masofaga oʻrtacha 10 litr benzin sarflasa, bu 60 ming degani. Avtomobilimiz 220 voltda ham elektr quvvati olaveradi. Bir marta quvvatlantirilsa, 355 kilometr yuradi.

Festival doirasida mehmonlar va ishtirokchilar uchun keng koʻlamli koʻngilochar dasturlar ham oʻtkazilmoqda. Sanʼatkorlarning jonli chiqishlari, avtomashinalar uchun test-drayv, mototsikl rayderlarining boshni aylantiruvchi balandlikdagi tryuklari, “Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti boʻylab ekskursiya, sovrinli oʻrinlar barchada qiziqish uygʻotmoqda.

– Oʻzbekistonda ilk marotaba oʻtkazilayotgan avto-moto festivalni tamosha qilish uchun farzandlarimni olib keldim,–deydi Baxtiyor Malikov. – Ular miriqib dam olishdi, yangi turdagi mototsikllar bilan tanishib, ularni boshqarayotganlardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Yorqin va hayratlanarli tomosha bilan bir qatorda togʻning toza havosi va ajoyib manzaralaridan bahramand boʻldik.

Taʼkidlash joizki, hududida barcha sanitariya-epidemiologiya talablari va xavfsizlik choralari taʼminlangan. Festival mehmonlari va ishtirokchilaridan faqat oʻzlarining harakatlanish yoʻnalishlarini diqqat bilan koʻrib chiqishlari, niqob taqib, ijtimoiy masofa va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishlari talab etilmoqda.

1 252
O'zA