O‘zA O`zbek

10.09.2018 14:45 Chop etish versiyasi

“Amirobod” obod manzilga aylanmoqda

“Amirobod” obod manzilga aylanmoqda
“Obod qishloq” dasturi – amalda

Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanidagi Amirobod va Istiqlol mahalla fuqarolar yigʻinlarida “Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Keng va ravon koʻchalar, zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualarikabi oʻzgarishlardan aholi behad mamnun.

– Mahallamizda 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi “Amirobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Shamsiddin Turdaliyev. –“Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida hududimizga barcha havas bilan qaramoqda. Mahallani joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Asosiy maqsadimiz – aholi turmush darajasini yuksaltirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ayniqsa, yoshlarni ish bilan taʼminlash. Shuningdek, odamlarda oʻz qishlogʻi, mahallasi taqdiriga masʼuliyat hissini kuchaytirish, xalqimizdagi bunyodkorlik, tadbirkorlik, hamjihatlik fazilatlarini qoʻllab-quvvatlashdir.

Dastur doirasida mahalladagi 336 xonadonda taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. 3 kilometr ichimlik suvi, 1,2 kilometr uzunlikda elektr-energiyasi tarmogʻi tortildi, 8 transformator mukammal taʼmirlandi.

– Mahallamizda bunday ishlarni olib borilishini xayolimizga ham keltirmagan edik, – deydi Xursanali Shergʻoziyev. – Oʻtgan yil kuz-qishda loy kechib maktabga qatnagan oʻquvchilar endi keng va ravon, asfaltlangan koʻchalardan yurib, oʻqishga borib kelmoqda. Kechalari koʻchalarimiz charogʻon.

Darhaqiqat, shu kunga qadar yoʻlsozlarning mehnati bilan 6,5 kilometr uzunlikdagi yoʻllar zamonaviy koʻrinish oldi. Asosiy yoʻl yoqasiga 75 koʻcha chiroqlari oʻrnatildi. 9-umumiy oʻrta taʼlim maktabi, “Amirobod” qishloq oilaviy poliklinikasi, 41-davlat maktabgacha taʼlim muassasida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, ijtimoiy dorixona, supermarket, hammom bunyod etilmoqda. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan 100 dan ziyod aholini ish bilan taʼminlashga erishildi. Uyma-uy yurib, aholidan olingan taklif va soʻrovlar asosida hududdagi zax suvlari sathini pasaytirish uchun kollektorlarda tozalash ishlari olib borildi.

Kim bilan suhbatda boʻlmang, bu yerdagi bunyodkorlik ishlaridan ruhlanganini, ertangi kunga katta ishonch bilan qarayotganini guvohi boʻlasiz. “Bir piyola choy ichib, mehmonimiz boʻling” deya sizga lutf qiladi. Bularning barchasi obodlik va farovonlik belgisi emasmi?

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA
1 771