O‘zA O`zbek

06.12.2018 20:39 Chop etish versiyasi

Amir Temur hayoti haqidagi noyob qoʻlyozma asar “Tuzuklar” Yamandan topildi

Amir Temur hayoti haqidagi noyob qoʻlyozma asar “Tuzuklar” Yamandan topildi Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 10-11 dekabr kunlari poytaxtimizda “Oʻzbekistonning madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining 2018-yil yakunlari va 2019-yil “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga bagʻishlangan xalqaro multimediya forumi boʻlib oʻtadi.

Forum doirasida oʻtkaziladigan “Zamonaviy dunyodagi madaniy meros: saqlash va ommalashtirish” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyasida “Oʻzbekistonning 100 mashhur qoʻlyozma yodgorliklari” loyihasi tahliliga keng oʻrin beriladi. Unda mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar va ijodkorlar Oʻzbekistonning madaniy merosi va tarixiy qoʻlyozmalar tahliliga bagʻishlangan maqolalari bilan ishtirok etmoqda.

Sizning eʼtiboringizga havola etilayotgan Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari tarixi va qoʻlyozmalari haqidagi Rustam Jabborovning maqolasi ham “Oʻzbekistonning 100 mashhur qoʻlyozma yodgorliklari” loyihasiga taqdim etilgan.

***

Buyuk davlat arbobi Amir Temur (1336-1405) oʻzining oʻtkir aql-zakovati, noyob yetakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib oʻrin tutadi. Sarkardaning hayot yoʻli, davlat boshqaruvi, oʻz faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyati bir qator tarixiy asarlarda, jumladan, uning “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aksini topgan.

photo5208767991506905440.jpg


SOHIBQIRON KITOB YOZGANMI?

Mazkur shoh asar olti asrdan beri dunyo jamoatchiligi eʼtiborini tortib kelmoqda. Ayni paytda uning turli qoʻlyozma nusxalari va tarjimalari dunyoning turli nuqtalarida, bir qator nufuzli kutubxona, muzeylar va shaxsiy toʻplamlarda saqlanmoqda. Koʻplab taniqli olimlar “Temur tuzuklari” ustida tadqiqotlar olib borishgan.

Oʻtgan davr ichida mazkur asar Amir Temur tomonidan yozilmagan, uning vafotidan ancha keyin yaratilgan, degan taxminlar ham ilgari surildi. Ammo asarning tili va uslubi, pand-nasihatlarning Amir Temur siyratiga mosligi, chuqur idrok, oʻtkir zehn va donishmandlik bilan yozilgani, asardagi voqealarning Amir Temur hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qator ishonchli manbalar (Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Ibn Arabshohning “Ajoyib at-taqdur fi axbori Taymur” asari va hokazo)dagi maʼlumotlarga mos kelishi va boshqa bir qator tarixiy faktlar asar bevosita Amir Temur tomonidan yozilganini tasdiqlaydi.

Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, asar dastavval Amir Temurning ona tili – eski oʻzbek tilida yozilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy ham yuqorida nomi tilga olingan asarida Amir Temur davrida uning hayotidagi muhim voqealarni oʻz ichiga olgan turkiy va forsiy asarlar mavjud boʻlganini aytadi. Shu paytga qadar Amir Temur faoliyati haqida uning hayotligida bitilgan turkiy tildagi asar bizgacha yetib kelmaganidan, bu oʻrinda soʻz “Temur tuzuklari” haqida borayotgani taxmin qilish mumkin.

Ushbu kitob asrlar davomida bir qator hukmdorlar uchun dasturil-amal vazifasini oʻtagan. Ehtimol, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Abulgʻozi Bahodurxonning “Shajari turk” singari asarlarini yozishlariga ham aynan sohibqironning mazkur “Tuzuklar”i tutki bergan boʻlishi mumkin. Afsuski, asarning turkiy tilda bitilgan ilk qoʻlyozmasi hanuzgacha topilgani yoʻq. Bu durdona asar topilganida, tariximizning bizga maʼlum boʻlmagan sahifalari ochilishi barobarida oʻzbek mumtoz adabiyoti ham yana bir goʻzal durdona bilan boyigan boʻlar edi.

YAMANDAN TOPILGAN “TUZUKLAR”

Bugun bizgacha yetib kelgan xilma-xil qoʻlyozmalar hajmi, tarkibi, uslubi nuqtai nazaridan bir-biridan farqlanadi. Qoʻlyozmalarning eng qadimgisi XVII asrga mansub boʻlib, u Boburiylar hukmronligi davrida, Hindistonda koʻchirilgan. Kitob muqaddimasida bitilishicha, Agrada Boburiylar saroyida xizmat qilgan shoir va tarjimon Abu Tolib al-Husayniy al-Oriziy at-Turbatiy Makkai mukarramada haj amallarini bajarib, ortga qaytayotganida, Yaman hukmdori Jaʼfar poshoning kutubxonasida turkiy tilda bitilgan bir noyob qoʻlyozmaga duch keladi. Tarjimonning yozishicha, bu asar Sohibqiron Amir Temurning yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan davrida boshidan kechirgan sarguzashtlari, davlat boshqaruvi usullari, vazir va amirlari, farzandlariga hukmronlik borasida bergan maslahatlari va yoʻl-yoʻriqlari oʻrin olgan.

At-Turbatiy bu bebaho qoʻlyozmani oʻzi bilan olib kelgan va uni sekin-astalik bilan forsiy tilga tarjima qila boshlagan. 1637-yilda asar tarjimasini toʻla-toʻkis bitkazib, uni Boburiyzoda hukmdor Shoh Jahonga (1628-1659) tuhfa etgan.

Shoh Jahon asar bilan tanishib chiqqach, undagi voqealarni Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnomasi” bilan taqqoslab chiqishni Dekan muzofoti favjdori Muhammad Afzal Buxoriyga topshirib, xattot va muarrixlar oʻzlaridan qoʻshgan ortiqcha tafsilotlarin oʻchirib tashlashni buyuradi.

Mazkur asarning shu paytgacha yetib kelgan barcha qoʻlyozma va toshbosma nusxalari uchun aynan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiyning tarjimasi asos boʻlib xizmat qilgan.


QAYTA-QAYTA TARJIMA QILINGAN ENG NOYOB ASAR

Markaziy Osiyoda hukm surgan xonliklar davrida ham bu asarga juda katta qiziqish bildirilgan. Shu bois, mazkur asarning forscha qoʻlyozmasi bir necha bor koʻchirilgan. Asli oʻzbek tilida bitilgan bu asarni taqdir taqozosi bilan yana shu tilga tarjima qilishga ehtiyoj tugʻilgan. Soʻnggi ikki asr davomida “Temur tuzuklari” bir necha bor tilimizga oʻgirilgan. 1836 yilda Qoʻqon xoni Muhammad Alixon (1822-1841)ning buyrugʻiga koʻra, Xoʻjand qozisi Nabijon Mahdum Hotif mazkur asarni qisman tarjima qilgan. 1856-1857 yillarda Xiva xonligida mazkur asarni Muxammad Yusuf Rojiy qisqartirilgan holda oʻzbekchalashtirgan. Oradan bir yil oʻtib, Xivada yana bir tarjimon Pahlavon Niyoz Devon – Komil Xorazmiy asar asosida, Muhammad Rizo Ogahiy tavsiyasiga koʻra, yangi asar yaratgan. Mazkur asarlarning qoʻlyomalari bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanmoqda.

1967-yil taniqli alloma Alixontoʻra Sogʻuniy (1885-1976) asarning Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari bosh idorasining kutubxonasida saqlanayotgan forsiy qoʻlyozmadan oʻzbek tiliga tarjima qilib, uning bir qismini “Guliston” jurnalida eʼlon qilgan.

Istiqlol yillarida Amir Temur shaxsiga boʻlga munosabat tubdan oʻzgardi. 1996-yilda buyuk sarkardaning 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temurga muhtasham haykallar oʻrnatildi. Oʻzbekistonda ulugʻ sarkarda nomi bilan ataladigan “Amir Temur ordeni” taʼsis etildi. Bularning bari oʻzbek xalqining buyuk Sohibqironga boʻlgan soʻnmas ehtiromi namunasi boʻldi.

Mustaqillik yillarida “Temur tuzuklari” bir necha bor nashr etildi. Asarning turli faksimile nusxalari ham oʻquvchilar eʼtiboriga havola etildi.


BЕBAHO TUHFA

Ayni paytda biz taqdim etayotgan qoʻlyozma matni nisbatan toʻliqligi, qadimiy va moʻtabarligi bilan ajralib turadi. RFA SHQIda “Temur tuzuklari”ning fors tilidagi sakkizta qoʻlyozmasi mavjud boʻlib, ularning eng mukammali 1846-yil may-iyun oylarida Buxoroda, Amir Nasrullo hukmronligi davrida Haqquli Dodxoh ismli amaldorning buyurtmasiga koʻra nastaʼliq xatida, Qoʻqon qogʻozida koʻchirilgan.

Mazkur qoʻlyozma at-Turbatiyning muqaddimasi bilan boshlanadi. Biroq, qoʻlyozmaning tarkibiy tuzilishi shu paytgacha asarning Oʻzbekistonda chop etilgan oʻzbek, forsiy va rus tillaridagi nashrlaridan keskin farqlanadi. Mazkur tafovutlarni oʻrganish temurshunos olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Oʻtgan haftada mamlakatimizda oʻtkazilgan “Zamonlar chorrahasi: oʻtmishning buyuk merosi – maʼrifatli kelajak poydevori” deb nomlangan xalqaro media-forum doirasida “Temur tuzuklari”ning ushbu qoʻlyozmasidan olingan faksimilye ham yurtimizga keltirildi. Bu esa xalqimiz va yoshlarni yurtimiz madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish yoʻlida qilinayotgan ezgu ishlardandir.



Rustam Jabborov, OʻzA
1 069