O‘zA O`zbek

28.04.2020 Chop etish versiyasi

Amir Temur bogʻi “Turizm mahallasi”ga aylantiriladi

Amir Temur bogʻi “Turizm mahallasi”ga aylantiriladi

Samarqand shahridagi “Bogʻibaland” mahallasida namunaviy tipdagi turizm mahallasi tashkil etiladi.

Bogʻibalanddagi hududi 40 gektarlik bahavo anjirzor haqida aholi va xorijlik sayyohlarni xabardor qilish, mahallada turistlar uchun qoʻshimcha xizmatlar va turizm yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish borasida viloyat hokimligi hamda viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bogʻibaland – Sohibqiron Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur bogʻlardan. U Eski Koʻhak, hozirda Choʻponota deb ataladigan tepalikning yon bagʻrida, shaharning shimoliy qismida, Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻida joylashgan. Ushbu bogʻda Samarqandning dunyoga mashhur jannat mevasi boʻlmish anjir yetishtiriladi. “Boburnoma”da mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Oqabegimga atab “Bogʻibaland” bogʻi barpo etilgani va unda toʻkin anjirzorlar borligi yozilgan.

“Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni bilan fuqarolar yigʻinlari hududlarida oilaviy mehmon uylari yaratilgan taqdirda va sayyohlar uchun kamida besh xil xizmat koʻrsatilgan taqdirda ularga “Turizm mahallasi” maqomi berilishi belgilab berilgan.

Bugungi kunda mahallada sayyohlar uchun xizmat koʻrsatadigan yoʻnalishlarni talab darajasiga boʻlishi hamda qiziqarli turistik dastur yaratish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.

Jumladan, hududdagi anjir yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari tomonidan tashrif buyuruvchilar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida bogʻ hududida tabiatga zarar yetkazmaslik sharti bilan dam olish burchaklari tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Milliy anʼanalarga asoslangan shiyponlar, chorpoyalar qurilishi shular jumlasidandir. Bogʻda toza havoda milliy taomlar pishirish hamda tanovul qilish uchun ham barcha sharoitlar yaratilmoqda. Tashrif buyuruvchi sayyohlar bogʻdagi 200-300-yillik anjir daraxtlari bilan tanishish bilan birga, anjir terish jarayonlariga bevosita ishtirok etishlari mumkin.

Anjir mevasi bir yilda ikki marta hosil berishini hisobga olgan holda iyun va sentyabr oylarida “Anjir sayl”lari oʻtkazilishi belgilab olindi. Sayilda anjir va undan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi, taniqli sanʼatkorlar tomonidan koʻngilochar dasturlar namoyishi ham boʻladi.

Hududdagi infratuzilmani yana-da yaxshilash ham alohida ahamiyat kasb etadi. 2019-yilda Bogʻibaland mahallasining anjirzorlariga eltuvchi ichki yoʻllari toʻliq asfalt bilan qoplandi. Mahallada savdo majmuasi, ovqatlanish shoxobchalari, maishiy xizmat koʻrsatish obyekti, sanitar-gigiyenik shoxobchalarining talab darajasida mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatilishi boʻyicha qilinadigan amaliy ishlar rejalashtirib olingan. Mahallada bepul Wi- Fi hududlari ham tashkil etiladi.

- Mamlakatimizdagi anjir mevalari orasida Bogʻibaland anjiri xushtamligi bilan ajralib turadi. Mutaxassislarning fikricha, bunga sabab anjirzorning Choʻponota tepaliklari yon bagʻrida joylashgani bilan bogʻliqdir, — deydi Samarqand viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Dilshod Narzikulov. — Bugungi kunda Amir Temur bogʻi xususiyatlari, maydoni, yaratilish tarixini yorituvchi interfaol xaritalar loyihasi tayyorlandi. Bogʻning kirish qismida, hammaga koʻrinadigan joyida ushbu bogʻ xaritasi aks etgan. Bu tashrif buyuruvchi sayyohlarga bogʻ haqida oʻzbek, rus va ingliz tillarida umumiy maʼlumot olishlariga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, anjirzor boʻylab ot, eshak hamda velosipedda sayr qilish imkoniyatlari yaratilgan. Bogʻning oʻrtasida tarixiy tepalik joylashgan boʻlib, ushbu tepalikdan bogʻni hamda tarixiy mahalla aholisi turmush tarzini yuqoridan kuzatish imkoniyati mavjud. Mahalla hududida oqib oʻtuvchi Obi Rahmat arigʻi ham tarixiy hisoblanib, aytishlaricha ushbu shifobaxsh ariqdan Sohibqiron Amir Temur ham suv ichgan ekan.

Bogʻibaland mahallasida viloyat ziyorat turizmi marshrutiga kiritilgan Xoʻja Isʼhoqi Vali masjidi ham joylashgan boʻlib, masjidda sayyohlarning ziyorat hamda ibodat qilishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Shuningdek, ushbu mahalla hududida sanoat turizmi boʻlmish gilam ishlab chiqarish zavodi, tibbiyot turizmi obyektlari ham faoliyat koʻrsatmoqda.

Jasur Rahmonov, 
Samarqand viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti direktori oʻrinbosari

1 324
O'zA