O‘zA O`zbek

15.05.2020 Chop etish versiyasi

Amersfortda qurbon boʻlgan 101 oʻzbek oʻgʻloni va “101“ filmi haqida hech narsa...

Amersfortda qurbon boʻlgan 101 oʻzbek oʻgʻloni va “101“ filmi haqida hech narsa...

Urush oʻzidan shu qadar nafratli va qonli izlar qoldiradiki, bu izlarni yoʻq qilishga asrlar ham kamlik qiladi. 1941-yilning 27-sentyabr kuni Smolensk ostonasidagi janglarning birida fashistlar tomonidan oʻzbek millatiga mansub 101 nafar askar asirlikka olinadi.

Asirlar Gitlerning eng yaqin hamtovoqlaridan biri sanalgan Yozef Gebbelsning buyrugʻiga binoan 1941-yilning may oyida tashkil qilingan Niderlandiyadagi Amersfort konslageriga keltiriladi. Amersfort konslagerida saqlangan va tirik qolgan sobiq asirlardan biri Aleks De Deuning bergan koʻrsatmasiga koʻra, Gebbelsning buyrugʻiga soʻzsiz boʻysungan lager qoʻriqchilari 101 nafar oʻzbekni boshqa asirlardan alohida saqlashgan va ularga noinsoniy muomalada boʻlgan.

Bu gaplarni butun dunyo “Shon-shuhrat maydonining farzandlari” kitobining muallifi, niderlandiyalik jurnalist Remko Reyding Ikkinchi jahon urushida Leuzdenda dafn qilingan ismi nomaʼlum askarlar tarixini oʻrgangandan soʻnggina bildi. Remko Reydingning qaydlariga koʻra, fashistlar tasavvur qilib boʻlmas sharoitda saqlanayotgan 101 nafar oʻzbek asiri har hafta Amersfort koʻchalaridan shahar aholisiga koʻrsatish maqsadida olib oʻtilgan.

101 oʻzbek askariga asirlarga beriladigan kunlik oziq-ovqat, aniqroq aytganda faqat nonning boshqa asirlarga nisbatan yarmi berilgan. Bir gal ularga non bergani uchun butun Amersfort konslageridagi asirlar bir kun davomida ochlikda saqlangan. Bundan tushunish mumkinki, 101 nafar oʻzbek askarini xoʻrlashdan maqsad bitta edi. Bu ham boʻlsa, Yozef Gebbelsning hisobiga koʻra ochlikdan asirlar birgina non uchun hayvonlarcha tashlanib, bir-birlari bilan olishishlari kerak edi va bu holat kamera tasviriga olinishi shart edi. Biroq shu yerini faxr va iftixor bilar qayta-qayta takrorlab aytamizki, mahluqsifat iblis Yozef Gebbelsning ushbu oʻylaganlarini ajdodlari nomi va gʻururini har qanday qiyinchilikda ham unutmagan oʻzbek askarlari chippakka chiqaradi...

Endi fakt. Remko Reyding qaydlariga koʻra, asirlikka olingan 101 nafar oʻzbek askarining barchasini Amersfort konslageri markaziy maydoniga olib chiqishadi. Berlindan (diqqat qiling, Berlin) kameralar bilan tashrif buyurgan guruh ishga kirishadi va boʻlayotgan voqeani tasvirga olishni boshlaydi. Targʻibot guruhining rahbari va Adolf Gitlerning maslahatchilaridan biri Yozef Gebbelsning buyrugʻiga binoan bitta oq non haftalab ochlikda saqlangan, saf tortib turgan 101 nafar oʻzbek asirining oldiga tashlanadi. Shunda safni buzib chiqqan asirlardan biri nonni olib, safdagi eng yoshi katta askarga uzatadi. U boʻlsa nonni ushatib, safdagi qolgan oʻzbek askarlariga teng boʻlib berishni boshlaydi. Yozef Gebbels bu holatni koʻrib, tasvirga olish guruhiga ishni tugatishi haqida buyruq beradi. Uning sovet askarlarini och yirtqich kabi non talashib, biri-birini gʻajiyotganini butun dunyoga koʻrsatish rejasi shu yerning oʻzida matonatli oʻzbek askarlari tomonidan chippakka chiqariladi.

1941-yilning qishigacha qaxramon 101 oʻzbek askaridan 24 nafari Amersfort konslageridagi ogʻir mehnat va ochlikdan halok boʻladi. 1942-yilning 9-aprel kuni esa qolgan 77 askar Amersfort devorlari oldida otib tashlanadi.

1941-yilning may oyidan 1945-yilning aprel oyiga qadar qonli faoliyat koʻrsatgan Amersfort konslagerida umumiy hisobda 35 ming nafar mahkum saqlangan. Shulardan 26 ming 500 nafari Buxenvald konslageriga koʻchirilgan.

Bugungi kunda ushbu hamyurtlarimizning nomlari nomaʼlum boʻlsada, ular koʻrsatgan matonat ommaga maʼlum boʻldi. Ular haqida tarixiy dalillar va arxiv hujjatlariga asoslangan film yaratildi va keng jamoatchilikka taqdim etildi. Ammo shu taqdim etilayotgan rasmga qarasangiz, 101 jangchining kartinadagidek baxtiyor emasligini anglaysiz.

Jahongir MUSTAFOYEV,
Tarix fani oʻqituvchisi.

4 478
OʻzA