Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 18:50 Chop etish versiyasi

“Amerika ovozi” jurnalisti O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni qanday sharhlamoqda?

(Ikkinchi maqola)

Navbahor Imomova, “Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti:

O‘zbekistonda hozir o‘ziga xos ochilish davri. Sekin-asta, mayda qadamlar bilan bo‘lsa-da, jamiyat va hukumat oldinga intilayotgandek. Buni jurnalistika sohasida ham sezish mumkin.
Yaqinda Farg‘ona vodiysida o‘tgan medialagerda “Amerika ovozi”, “Ozodlik” va “Bi-Bi-Si” kabi xorijiy axborot vositalarining o‘zbekistonlik jurnalistlari Vatandagi hamkasblariga videomurojaat qildi. Bu biz uchun shu paytgacha kuzatilmagan noyob imkoniyat bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bizning dasturlarimizga e’tibor berib, sharhlarimizga qiziqib, ularni chop etishi ham progress deyishga arzigulik yangilik. Jurnalistlar orasidagi bunday hamkorlik O‘zbekiston matbuoti va ommaviy axborot vositalari rivoji uchun nihoyatda muhim. Shu paytgacha “Amerika ovozi”, “Bi-Bi-Si” yoki “Ozodlik” kabi tashqi axborot vositalari xorijdagi dushmanona ovoz sifatida ko‘rilar edi. U yerda ishlayotgan jurnalistlarga g‘anim sifatida qarashar edi. Bugun munosabat o‘zgarmoqda, xususan, yuqori pog‘onalarda.

Tashqarida yurgan millionlab o‘zbekistonliklar sotqin emas, vatangado emas. Ular chet elda o‘z nonini topib yuribdi. Ularning O‘zbekistonga ijtimoiy va iqtisodiy ta’siri beqiyos. Buni davlat tushuna boshladi. Ammo ayrim doiralarda biz bergan materiallarga nisbatan norozilik kayfiyati hamon mavjud. Bunday yondashuv​ bilan o‘zgarish qilib bo‘lmaydi. Ochig‘i, o‘zini ziyoliman, deb bilganlar "suvi chiqib ketgan” dashnomlar bilan bizni lan’atlaganida​ biz bir kulamiz, bir achinamiz. Chunki O‘zbekistonda yangi davr boshlangan bo‘lsa, odamlar bir-birini tinglay olishi, fikrlar xilma-xilligini tan olib, munozara maydoni kengayishi kerak.

«Sen dushmansan, sen vatangadosan, yurtga kerak emassan», deya dag‘dag‘a qilish o‘zini ziyoli, madaniyatli jamiyat vakili, deb hisoblagan insonga hech qachon yarashmaydi. Hamma o‘zining ijtimoiy burch va o‘rnini tushunib etishi kerak. Mening bizni qoralovchi tomonlarga gapim: Prezidentni quvvatlamoqchi va mamlakat to‘g‘ri yo‘ldan borishini xohlasangiz o‘zingizning dardingizni aytishni o‘rganing. O‘z manfaatingiz va atrofdagilar manfaati uchun kurashing.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yilni yuqori notada tugatdi. Uning dangal gaplari, tub muammolarni ochiq tan olib, har bir fuqaroni yechim tomon harakat qilishga undayotgani nafaqat O‘zbekiston ahliga, balki xalqaro hamjamiyatga ham umid va g‘ayrat bag‘ishlamoqda. Vatan uchun xizmat qilmoqchiman yoki O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchiman, deganlar ko‘payib bormoqda. Ular ko‘payaversin desangiz, dunyoqarashni kengaytirish kerak. Bu degani, hozir xalq uchun ham, hukumat uchun ham sinov davri.

O‘zbeklarni dunyoning hamma joyidan topish mumkin. O‘zbekiston hukumatining chet elda yurgan millionlab fuqarolariga nisbatan munosabati ijobiylasha boshladi. Vatandoshlarning qay biri bilan suhbatlashmang, shunday savollarni eshitasiz: Borsammikan O‘zbekistonga? Nima qila olaman Vatan uchun? Vatan bizdan nima kutayapti? Sharoit qanday?

Oliy ma’lumotli, salohiyatli, tajribali o‘zbek kadrlari serob. Agar yurtga shu kadrlar zarur bo‘lsa, ularni sistematik tarzda jalb etish uchun ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan biror agentlik kerak. Shunday bir organ bo‘lsinki, vatandoshlar unga tayana olsin; biror bir sohada ishlashni xohlasa, shu idora orqali tegishli tomonlar bilan bog‘lana olsin. Va, o‘z navbatida, xorijda yurganlar ham o‘ylab ko‘rishi kerak: Biz o‘zi nimaga qodirmiz? Qo‘limizdan nima keladi? Masalan, Amerikada muvafaqqiyat qozongan odam O‘zbekistonda ham ishni albatta eplaydi, deyish qiyin. Buyuk ishlar qilishni niyat qilib yurgan vatandoshlar bor. Vatandoshlarga bog‘langan buyuk orzular bor. Ularni amalga oshirish uchun chet eldagilarda ham, ular bilan ishlamoqchi bo‘lgan dargohlarda​ ham kuchli iroda va kommunikatsiya salohiyati bo‘lishi kerak.

Tashqi dunyo ham O‘zbekiston xalqi singari vaziyatni qiziqish bilan kuzatadi. Negaki, mamlakatda o‘tgan chorak asr davomida yo‘l qo‘yilgan xatolar, samara bermagan ishlar borligi ochiq oydin aytilmoqda. To‘g‘ri qarorlar qabul qilish hukumat zimmasida, uning amaliyotini hayotga tatbiq etish esa odamlar zimmasida. Bu jarayonda jurnalistlar o‘ta muhim vazifani bajaradi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “vatanparvar jurnalistlar kerak”, degan gapi bu hukumatni maqtaydigan jurnalistlar kerak, degani emas, biz buni shunday tushundik. Jurnalist va jurnalistika xalqning vijdoni bo‘ladigan bo‘lsa, O‘zbekiston xalqi​ professional jurnalistlarni yetishtirishdan manfaatdor. Agar mamlakatda jurnalistika bo‘yicha universitet ochiladigan bo‘lsa, unga birinchi navbatda tajribali jurnalistlar, dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan mutaxassislar jalb etilishi kerak. Ulardan qo‘rqmaslik kerak. Mana sizga maydon, qo‘lingizdan keladigan ishni mana endi ko‘rsating, deya murojaat qilish kerak. To‘g‘ri, bu qiyin jarayon bo‘ladi. Lekin bunday qadamlar yurtni faqat oldinga etaklaydi.

Jurnalistlar xalqning dardini yoritib, uning ishonchini qozonishni o‘rganishi, ya’ni axborot vositalari hukumat bilan xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi lozim. Prezidentni diqqat bilan eshitib kelayotgan jurnalist sifatida Shavkat Miromonovich aynan shunga undayapti degan umiddaman.

O'zA
8 227