O‘zA O`zbek

30.08.2018 21:27 Chop etish versiyasi

Amaliy sanʼatning goʻzal namoyishi

Amaliy sanʼatning goʻzal namoyishi Oʻzbekiston madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi, “Hunarmand” uyushmasi Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan “Asrlar osha barhayot sanʼat” nomli koʻrgazmada amaliy sanʼat asarlari namoyish etildi.

Oʻzbek xalq amaliy sanʼati oʻziga xos anʼana va betakror uslubga ega. Shu bois, chet ellik sayyohlarning ham eʼtiborini jalb etadi. Ayniqsa, amaliy sanʼatning eng goʻzal durdonalari – badiiy kulolchilik, zardoʻzlik, kashtachilik, rangtasvir yoʻnalishida yaratilgan asarlarga qiziqish katta.

Mamlakatimizdagi Bangladesh Xalq Respublikasi elchixonasi oʻzbek amaliy sanʼatining faol targʻibotchilaridan biridir. Xalqlarimiz madaniy qadriyatlarida oʻxshash jihatlar koʻp. Xususan, Bangladeshda ham qadimdan bezakli amaliy sanʼat, toʻquvchilik, kashtachilik, fil suyagi va yogʻoch oʻymakorligi rivojlangan.

Koʻrgazmada xalqimizning milliy va zamonaviy sanʼat turlari uygʻunligi aks ettirilgan asarlar, abru-bahor sanʼati ustalarining ishlari namoyish etildi.

Taniqli ijodkorlar hamda xalq amaliy sanʼati ustalari ishtirokidagi mahorat darslari, bengal va oʻzbek milliy liboslari namoyishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Musiqiy chiqishlar tadbirga yanada fayz bagʻishladi.

Mohigul Qosimova, Otabek Mirsoatov (surat) OʻzA
1 852