O‘zA O`zbek

06.07.2018 19:27 Chop etish versiyasi

Prezident aytgan Alouddin Kosoniy asli kim bo‘lgan?

Prezident aytgan Alouddin Kosoniy asli kim bo‘lgan?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni yanada kengaytirish, ayniqsa, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, adabiy merosini chuqur o‘rganish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, Namangan zaminidan yetishib chiqqan, diniy va dunyoviy bilimlarda yuksak maqomga erishgan Alouddin Kosoniyni chuqur ehtirom bilan tilga oldi.

Xo‘sh, Alouddin Kosoniy kim bo‘lgan va u zot xalqimiz ma’naviy hayotida qanday o‘rin tutadi? Shunday savol bilansiyosiy fanlar doktori, professor Tursunboy Fayzullayevga murojaat qildik.

– Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, Prezidentimiz ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida dunyo tamadduniga benazir hissa qo‘shgan allomalar nomini yuzaga chiqarish va ulug‘lash, ular qoldirgan boy ma’naviy merosni o‘rganish va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, olim va mutaxassislarning vazifasi bo‘lgan bu ishga o‘z vaqtida munosib yondashilmagani ham ayon bo‘lib qoldi. Masalan, davlatimiz rahbari viloyatimizda o‘tkazgan saylovoldi uchrashuvida Is’hoqxon Ibrat haqida gapirguniga qadar bu ulug‘ alloma haqida nimalarni bilar edik?!

Prezidentimiz shu yil 2-3 may kunlari viloyatimizga tashrifi davomida faollar bilan uchrashuvda buyuk ajdodlarimizdan yana biri Alouddin Kosoniy nomini hurmat bilan tilga olib, u zotning diniy va dunyoviy yo‘nalishdagi ilmiy merosi haqida ham yetarlicha bilim va tushunchaga ega emasligimizni taassuf bilan qayd etar ekan, Alouddin Kosoniyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, xalqimizga yetkazish vaqti kelganini ta’kidladi.

Shundan kelib chiqib viloyatimizda olimlar, mutaxassislardan iborat ishchi komissiya tomonidan Is’hoqxon to‘ra Ibrat va Alouddin Abu Bakr Kosoniy merosini o‘rganishga kirishildi. Ibratni o‘rganish bo‘yicha sezilarli qadam tashlangan bo‘lsa-da, Kosoniy merosini o‘rganish borasida hali ilm ahli oldida katta ishlar turibdi. Juda kam bo‘lsa-da, mavjud manbalarga tayanib aytish mumkinki, Alouddin Kosoniy ham diniy, ham dunyoviy ilmlar rivojiga katta hissa qo‘shgan alloma.

– Alouddin Kosoniyni o‘rganish uchun hozir qo‘limizda qanday manbalar bor? Xalqimiz bu zotning hayoti va ijodi haqida yaqin kelajakda qanday ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin?

– Alouddin Kosoniyning tavallud sanasi haqida aniq ma’lumot yo‘q, tug‘ilgan joylari to‘g‘risida esa “O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti” nomli kitobda shunday ma’lumot keltiriladi: “Koson Movarounnahrdagi Shosh (Toshkent) viloyatining orqasida, Farg‘ona vodiysi mintaqasi – Sayhun (Sirdaryo)ning shimoliy qismida joylashgan shaharlardan biri. Alouddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Kosoniy mana shu shaharda tug‘ilganligi uchun unga Kosoniy deb nom berilgan”.

H.Homidiy, A.Sultonxo‘jayev, M.Komilov singari olimlarning tadqiqotlarida Alouddin Kosoniyning Buxoroda Alouddin Samarqandiy ismli mudarris qo‘lida tahsil olgani qayd etilgan. Kosoniy talabalik yillaridayoq fiqh ilmini chuqur egallagani bilan e’tibor qozongan va “Malik ul-ulamo” unvoniga sazovor bo‘lgan. Inchunun, u ustozining “Tuhfat ul-fuqaho” asariga “Badoi’ us-sanoi’y fi tartibish sharoi’” (“Shariat hukmlarini tartibga solishdagi mahoratlarning badiyatlari”, qisqacha – “Badoi”) nomli sharh yozib, ustoziga taqdim etadi. Bundan xursand bo‘lgan Samarqandiy olima va faqiha qizi Fotimani Kosoniyga nikohlab beradi. Ikki ilmi tolibdan hosil bo‘lgan oila timsolida o‘ziga xos maktab vujudga keladi. Chunki, bu vaqtda Alouddin Kosoniy ham, uning fiqh, husnixat, hadis ilmida yetuk bo‘lgan rafiqasi Fotima ham Alouddin Samarqandiy darajasida fatvo berish maqomiga yetgan edi. Ular ilm istab Turkiya va Shom mamlakatlarida bo‘lishadi.

– Alouddin Kosoniy faoliyatining asosiy yo‘nalishi, umuman, ilmiy merosi haqida nima deysiz?

– Ul zotning ilmiy merosi, kitoblari haqida so‘z yuritilganda yuqorida aytib o‘tilgan “Badoi” asariga urg‘u beriladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasining fundamental kutubxonasida saqlanayotgan 7 juz’dan iborat (5 ta kitob holida nashr etilgan) bu asarda allomaning favqulodda iste’dod va mahorati mujassam bo‘lgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bu kitobga shunday ta’rif bergan edilar: “Bu – ulkan kitob. Undan hamma faqihlar foydalanib kelgan va bundan keyin ham foydalanadi, inshoolloh”.

Yoki “Badoi”ni tarjima qilgan Shayx Alouddin Mansur “O‘rganayotganimiz “Badoi’ us-Sanoi’” boshqa fiqhiy kitoblardan farqli ravishda mukammal va mufassal asardir. Unda har bir masalaning dalili izchil tekshiriladi, ixtilofli masalalarning sabablari izlanib, ular to‘la va atroflicha o‘rganiladi”, – deb yozadi.

Namangan davlat universiteti olimlari M.Yusupov va B.Xolmurodov “Badoi”da islomiy aqidalar bilan birga iqtisodiy-ijtimoiy, axloqiy, ya’ni dunyoviy masalalar tadqiqiga ham keng o‘rin ajratilgani haqida xulosa beradi. “Odob ul-qudot” (qozilarning axloq va odob normalari), “Sayr” (insonning yurish-turish masalalari) kabi bo‘limlar shular jumlasidan.

Yuqoridagilar dastlabki o‘rganishlar natijasidir. Biroq Alouddin Kosoniy tarbiyalangan oila, ota-onasi, yoshlik yillari, Buxoro madrasasidagi o‘qishi, Turkiya, Shom mamlakatlaridagi faoliyati bilan bog‘liq to‘liq ma’lumotlar deyarli yo‘q.

Bugungi kunda viloyat ishchi komissiyasi tomonidan O‘zbekiston musulmonlari idorasining fundamental kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan manbalarni o‘rganish bo‘yicha tashkiliy ishlar boshlab yuborildi. Allomaning hayoti va faoliyatini o‘rganish maqsadida uning tengdoshi va saboqdoshi bo‘lgan Burhoniddin Marg‘inoniy muzeyiga ilmiy sayohat tashkil qilinib, Marg‘inoniy ilmiy merosini o‘rganayotgan bir qator olimlar bilan suhbat uyushtirildi. Ayrim manbalardagi Alouddin Kosoniy Abu Muin Nasafiyning shogirdi bo‘lgani haqidagi ma’lumotlardan kelib chiqib, ishchi guruh a’zolari Qarshi shahrida ham izlanish olib bordi. Ayni paytda “Alouddin Kosoniy – buyuk muhaddis” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazish, Namangan shahridagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtida Kosoniy, Ibrat kabi ulamolar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus xonalar tashkil qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
O‘zA muxbiri
Akromjon SATTOROV
suhbatlashdi

5 400