O‘zA O`zbek

19.07.2018 20:31 Chop etish versiyasi

Alisher Shodmonov: dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimidagi ortiqcha to‘siqlarga barham beriladi

Alisher Shodmonov: dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimidagi ortiqcha to‘siqlarga barham beriladi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan “Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash tibbiyot sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biri” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”giqarori hamda joriy yil 20 iyundagi “Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish samaradorligini oshirish va aholini ular bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aholi va tibbiyot muassasalarini sifatli dori-darmon bilan ta’minlashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 152 farmatsevtika korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan 2 ming 500 nomga yaqin dori-darmon amaliyotda keng qo‘llanilmoqda. Joriy yilda davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olish uchun 914,6 milliard so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Qishloq vrachlik punktlari, qishloq oilaviy poliklinikalari va boshqa birlamchi tibbiyot muassasalari qoshida 2200 dan ortiq ijtimoiy dorixonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 13 “Isuzu”, 100 ta “Damas” rusumli mashina ko‘chma dorixonalar olis va tog‘li hududlarda yashaydigan aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda farmatsevtika sanoatiga ixtisoslashgan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” kabi erkin iqtisodiy zonalari (EIZ)ro‘yxatga olingan bo‘lib, ushbu hududlarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida 518,9 gektar yer maydoni tanlab olindi. Mazkur erkin iqtisodiy zonalar hududida qiymati 1 trillion 361,1 milliard so‘mga teng 30 loyiha amalga oshirilishi va buning natijasida 1 ming 903 yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Hozir EIZlar hududida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 400 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar o‘zlashtirildi. Jumladan, yirik loyihalardan “Sirdaryo” EIZda “Sirdaryo Universal Oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 360 milliard so‘mga teng “Farmatsevtika shisha idishlari ishlab chiqarish” va “Pharma Plast Holding” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 25 milliard so‘mlik “Tibbiyotda bir martalik ishlatiladigan flakonlar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalari ishga tushirilgan.

Mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti sababli, xorijiy investorlar tomonidan O‘zbekiston farmatsevtika sanoatiga kiritilayotgan investitsiyalar ulushi ortmoqda. Hozirgi kunda xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 123,9 million AQSH dollariga teng 9 investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 87,32 million AQSH dollarini chet el investitsiyalari tashkil etadi. Ushbu investitsiyalar, asosan, Xitoy, Hindiston, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiyainvestorlar. tomonidan kiritilmoqda.

– 2018 yil 1 avgustdanboshlab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibi joriy etiladi, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov. – Bu esa dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimidagi ortiqcha to‘siqlarga barham beradi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan dori vositalarini yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarning tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan taqdirda amalga oshiriladi. Buning natijasida sifatsiz vositalarning mamlakatimizga kirib kelishi oldi olinadi.

Anjumanda jurnalistlar qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 523