O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Alisher SHODMONOV: 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi yopilmaydi

Alisher SHODMONOV: 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi yopilmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur shifoxonaning kelajak taqdiri bilan bogʻliq asossiz maʼlumotlar tarqalayotgani kishini ajablantiradi. Emishki, shifoxona yopiladi, boshqa joyga koʻchiriladi. Ishonchsiz manbalarning aytgan gaplariga tayangan holda berilgan axborotning qanchalik haqiqatga yaqinligini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga murojaat qildik.

– Ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan ushbu maʼlumotlar umuman asossiz, – dedi A.Shodmonov. – Shifoxona oʻz maqomida, oʻz joyida toʻliq quvvatda faoliyat olib bormoqda. Barcha boʻlimlari belgilangan tartibda tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. Uning yopilishi, boshqa joyga koʻchirish boʻyicha bizga hech qanday topshiriq boʻlgani yoʻq. 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi bundan keyin ham oʻz yoʻnalishida faoliyatini davom ettiradi.

Shifoxonada 15 yoʻnalishda, yaʼni 8 terapevtik, 7 xirurgik (rejali, shoshilinch) kasalliklar davolanadi. Unda faoliyat koʻrsatayotgan 124 shifokorning 2 nafari fan doktori, 11 nafari fan nomzodi, 46 nafari oliy toifali, 7 nafari birinchi toifali va 22 nafari ikkinchi toifali mutaxassislardir.

Tibbiyot muassasasi xodimlari Rossiyaning yetakchi klinikalarida malaka oshirib keldi. Hozirgi kunda mutaxassislarni Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya va Rossiyaga malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.

Soʻnggi ikki yilda shifoxonada Rossiya, Koreya va Polshadan yuqori malakali olimlar taklif qilinib, ular bilan hamkorlikda 24 bemorda 3 turdagi murakkab operatsiyalar amalga oshirildi.

Klinika Litvaning Kaunas respublika shifoxonasi, Janubiy Koreyaning Yonse universiteti va Hindistonning Medanta klinikalari bilan hamkorlik memorandumini tuzgan. Janubiy Koreyaning “Sharm” ixtisoslashtirilgan klinikasi bilan shifoxonaning travmatologiya ortopediya va laboratoriya boʻlimlarida davlat-xususiy sheriklik shartlarida hamkorlik qilish buyicha ishlar muhokama qilinmoqda.

Shifoxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha ham bir qator ishlar rejalashtirilgan. Jumladan, mutaxassislarni chet el klinikalarida oʻrta va uzoq muddatli malaka oshirishi buyicha ishlarni davom ettirish, bir qator boʻlimlarda joriy taʼmirlash ishlarini yakunlash, zamonaviy tibbiy jihozlar xarid qilish, zamonaviy davolash-diagnostika standartlari asosida kam invaziv endoxirurgik amaliyotlarni tatbiq etish kabi ishlar shular sirasiga kiradi. Shuningdek, shifoxonada qon tomir va kardioxirurgiya boʻlimlarini tashkil etish boʻyicha ham ish olib borilmoqda.

1 923
Xurshid QODIROV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA