O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiyning o‘limiga kim va nima sabab bo‘lgan yoxud jur’atsiz “lofchi”ning qilmishi

Alisher Navoiyning o‘limiga kim va nima sabab bo‘lgan yoxud jur’atsiz “lofchi”ning qilmishi

Alisher Navoiyning ajdodlari uzoq yillar temuriylar saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Uning otasi G‘iyosiddin Kichkina Abulqosim Boburning saroy amaldorlaridan, keyinchalik esa Sabzavor shahri hokimi ham bo‘lgan. Bu holat aka-ukalar – Baxlulbek, Alisher va Darveshalilarning shahzodalar bilan birga o‘sishiga sabab bo‘ldi.


Husayn Boyqaroning Xuroson taxtini egallashidan keyin Baxlulbek Xurosonga qarashli bo‘lgan Xorazmning, Darveshali Balxning hokimi bo‘ldi. Alisher Navoiy esa muhrdorlikdan bosh vazirgacha bo‘lgan yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. 
Biroq, barcha davrlarda bo‘lganidek, saroydagi siyosiy o‘yinlar, fitna va nizolar tufayli ba’zida hukmdor bilan kelishmovchiliklar, dil xiraliklar ham bo‘lib turgan. 
Garchi Navoiy butun umrini ijodga bag‘ishlasa-da, shu sabab davlat lavozimlaridan bir necha marta iste’fo bersa-da, Husayn bilan bolalikdan do‘stligi uni saltanatdan uzoqqa ketishiga yo‘l qo‘ymas edi. Vaqt o‘tib, Husayn saltanatida Navoiyning ruhi va qalbini larzaga soluvchi, yuragini o‘rtovchi voqealar avj oldi. 
Dastlab, 1497 yil Navoiyning sevimli shahzodalaridan biri, sultonning nabirasi Mo‘min Mirzo o‘z bobosining farmoni bilan qatl etildi, shoirning o‘z farzandidek qadrli bo‘lgan jiyani Haydarbek 1499 yil davlatdan norozi kayfiyatdagi shaxs sifatida o‘ldirildi, ukasi Darveshali davlatga xoinlikda ayblanib, Balx hokimligidan bo‘shatildi. 
Shuningdek, bosh malika Xadichabegimning turli fitna va ig‘volari tufayli saltanatda o‘zaro nizolarning kuchayishi singari voqealar 1500 yilga kelib Alisher Navoiyning yurak, qon-tomir tizimi bilan bog‘liq xastaligining kuchayishiga olib keldi.
1500 yilning dekabrida Sulton Husayn isyon ko‘targan o‘g‘li Muhammad Mirzo bilan yarashib, Hirotga qaytayotganida, uni kutib oluvchilarga bosh bo‘lib Navoiyning o‘zi yo‘lga chiqadi. 
Ko‘rishish marosimida shoir hushidan ketadi va sulton uni o‘z shohona mahofasi (yotib ketish ham mumkin bo‘lgan kajava)da tezlik bilan shaharga eltish hamda zarur muolajalar qilinishini buyuradi. Navoiyning tashqi ko‘rinishi va tomir urishida sakta (insult, miyaga qon quyilishi) alomatlari mavjud edi. 
Buning davosi (yoki birinchi yordam) esa qon olish bo‘lgan. Bu voqealarning bevosita ishtirokchisi, Navoiyning sevimli shogirdi, tarixchi Xondamirning ma’lumot berishicha, shoirning xastaligida sakta alomatlari borligini shu yerdagi tabiblar va hatto, Xurosonning bosh tabibi Abdulxay Tuniy ham payqagan. 
Tabiblar Alisher Navoiy Husayn Boyqaro huzurida mutasaddilar va bosh tabibga Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida saktaga chalinganlardan birinchi navbatda qon olish zarurligi haqida ma’lumot keltirilganligini uqtirishgan. Lekin bosh tabib bunga amal qilmagan. 
Bu haqda Xondamir shunday yozadi: “... tabobat ilmidan xabardor bir guruh kishilar “kasallik sog‘ayishi uchun shu yerdayoq bemordan qon olish lozim”, deyishdi. Ammo tabobatdan lof-qof urib yuruvchi mavlono Abdulhay Tuniy (Xondamir Navoiyning o‘limida mazkur bosh tabibni ayblaydi va unga nisbatan “lof uruvchi tabib” iborasini ishlatadi) bularga qarshi turib “davolashda xato ro‘y bermasligi uchun Hirotda tabiblar yig‘ilgach, keyin muolajani boshlash kerak”, deya turib oldi. 
Hazrat sultonning yaqin kishisini (Navoiyni) mahofaga yotqizib, yo‘l sari yuzlanayotgan paytda Amir Alisherning ne’matlari dengiziga g‘arq bo‘lgan bu davlatxoh banda (Xondamir o‘zini aytmoqda) tashvishga tushib, “kasallik zo‘rligi shu darajadaki, agar qon olish ishida kechikish yuz bersa, so‘ng bu xatoni tuzatib bo‘lmaydi”, dedim. Xoja Abdullo janoblari (Husayn Navoiyni Hirotga olib borishga javobgar etib belgilagan amaldor) ikkilanib qolib, mansur xoqon oldiga bir chopar yubordi. 
Hazrat esa “bemor tomiridan o‘sha yerdayoq darhol qon olinsin”, deya buyurdi. Ammo chopar qaytib kelgunicha va qon oluvchini topgunicha uch farsax (18-20 km.) masofani bosib o‘tgani boisidan fursat qo‘ldan berilib, shu sababli qortiq (qon olishda ishlatiladigan nina) qo‘yib qon olinganida, besh-olti ser (350-400 gr)dan ko‘p qon chiqmadi. Uyga eltishgach, tabiblar yana bir marta qon olmoqchi bo‘ldilar. Ammo ish qo‘ldan chiqqani uchun biror foyda bermadi”. 
Mana shu kasallik sabab Alisher Navoiy 1501 yilning 3 yanvar tongida, 60 yoshga to‘lish arafasida vafot et

di.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Xurosondek ulkan davlatning bosh tabibi bo‘lish darajasiga erishgan Abdulhay Tuniy faoliyati davomida yuzlab bemorlarni, shu jumladan, insultga chalinganlarni ham davolagan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”ni ham o‘qigan. 
Lekin bosh tabibning bemordan zudlik bilan qon olmasligiga sabab Sulton Husaynning eng yaqin kishisi, buyuk mutafakkir, ulug‘ shoirning hayoti borasida tavakkal qilishdan qo‘rqqanligi, bundan tashqari, sultondan o‘z vaqtida maxsus ko‘rsatma bo‘lmaganligidan, jur’atsizlik qilgani bo‘ldi. 
Agar bemor Navoiy darajasidagi shaxs bo‘lmaganda va unda sakta (insult) alomatlari sezilganda, u saroy tabiblari huzuriga olib borilib tibbiy kengashda muhokama qilinmasdan darhol qon olinib, tegishli muolaja qilinishi mumkin edi. 
Shuning uchun ham hukmdorlar va ularga yaqin kishilar og‘ir dardga chalinganda biror tabib mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi nihoyatda mushkul vazifa edi. Alisher Navoiy esa, ta’bir joiz bo‘lsa, hukmdorlardan ham yuqori mavqedagi shaxs bo‘lib, uning sog‘ligi borasida hatto, bosh tabib ham tavakkal qila olmas edi.


Akbar ZAMONOV, 
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Ziyoda MAMAJONOVA,
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 49-maktab o‘qituvchisi


1 709
O'zA