O‘zA O`zbek

04.02.2016 14:50:06 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy va bugungi she’riyat

Farg‘ona viloyatida buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kechalar, davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona davlat universiteti bilan hamkorlikda Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Alisher Navoiy va bugungi she’riyat” mavzusida o‘tkazgan shunday tadbirda professor-o‘qituvchilar, adabiyot va musiqa san’ati ixlosmandlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Viloyat axborot-kutubxona markazida Alisher Navoiyning o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganish, ijodini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda buyuk so‘z san’atkori barcha asarlarining elektron varianti yaratilgan bo‘lib, kitobxonlar undan keng foydalanmoqda. Navoiyxonlik kechalari o‘tkazish an’anaga aylangan.

– Sharq adabiyoti, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida Alisher Navoiyning ijodiy faoliyati o‘zining serqirraligi va ko‘lamdorligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi, – deydi Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Shohidbek Aslonov. – Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va ulug‘ligini anglash tuyg‘usi xalqimiz ongu shuuriga, qalbiga, avvalo, Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Xususan, bugungi o‘zbek she’riyatida ham buyuk allomaning ijodi muhim ahamiyatga ega. Zero, Navoiyni anglash, uning falsafiy, axloqiy, madaniy-ma’rifiy mushohadalarga boy asarlarini o‘qish va tushunishning o‘zi ulkan saodatdir.

Farg‘ona san’at kolleji o‘quvchilarining Alisher Navoiy g‘azallari asosida tayyorlagan qo‘shiqlari tadbirga yanada fayz kiritdi.