Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 18:07 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o‘rnatildi

Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o‘rnatildi Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i hududida o‘zbek va tojik adabiyotining ikki buyuk mutafakkiri – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o‘rnatildi.

O‘tgan asr oltmishinchi yillarida taniqli haykaltaroshlar – H.Husniddinxo‘jayev va V.Lunev tomonidan qizil granit toshdan yasalgan ushbu haykal ilgari Samarqand shahridagi sobiq “Afrosiyob” mehmonxonasi yonida, ko‘rimsiz joyda edi. Keyinchalik haykal bu yerdan ko‘chirildi.

12.JPG

Samarqandlik ziyolilar va ijodkorlar, shahar jamoatchiligining taklifi bilan haykal uchun Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i tanlandi va nihoyatda qisqa muddat ichida ushbu maskan obod etilib, muhtasham haykal o‘rnatildi.

13.JPG

– Jahon adabiyotining bu ikki yirik vakili hayotida Samarqand alohida o‘rin tutadi, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Dilorom Salohiy. – Ularning ikkisi ham yoshlik yillarida ilm-ma’rifat istab ushbu muazzam shaharga kelgan va bu ikki daho hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Shu jihatdan Samarqand shahrida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykalining bo‘lishi va eng ko‘rkam maskanda o‘rnatilishi ayni muddaodir. Bu, shubhasiz, azaliy o‘zbek va tojik adabiyoti an’analari davom etib kelayotganidan dalolat berib, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.

14.JPG

Haykalning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan aloqalar, davlatimiz rahbarining yaqinda Tojikiston Respublikasiga amalga oshiriladigan davlat tashrifi haqida so‘z yuritdi. Mazkur ma’rifat maskani ikki qardosh xalqning azaliy do‘stlik va hamkorligini yanada kuchaytirishini ta’kidladi.

19.JPG

Haykal poyiga viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan gullar qo‘yildi. Talaba va o‘quvchi-yoshlar ikki buyuk alloma ijodidan namunalar o‘qidi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) O‘zA
9 077