Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 17:03 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidagi noxush holatlar bartaraf etildi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasidagi noxush holatlar bartaraf etildi
O‘zAda tanqid qilingach


Saytimizda 2017-yilning 25-dekabr kuni “Teatr garderobdan boshlanadi. Kutubxona-chi?” sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgan edi. Yaqinda «Ma’rifat markazi» binosidan foydalanish va tutash hududga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan direksiyasi direktori A.G‘afurov imzosi bilan javob xati olindi. Quyida ushbu maqola hamda unga yo‘llangan javob xati keltirilmoqda.

Teatr garderobdan boshlanadi. Kutubxona-chi?

Har doimgidek ishtiyoq bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga otlandim. Ko‘pchilik uchun sevimli bo‘lgan bu joyda barcha sharoitlar yetarli, yorug‘, istagan kitobingizni topishingiz mumkin. Ammo... 

Odatdagidek, kutubxona garderobiga yaqinlashganda hammaning yuragi bezillaydi. Yo navbat kutishdan charchaysiz, yo garderob xodimining muomalasidan jahlingiz chiqadi. Kitob mutolaasiga bo‘lgan ishtiyoq kishini ikki qadam oldinga yetaklasa, bu kabi holatlar bir qadam orqaga tortadi. Bu safar ham vaziyat o‘sha-o‘sha. Oxir-oqibat men qatori navbatda turgan o‘rta yoshlardagi ayolning ham sabri tugadi shekilli, "Singlim sherigingiz ham yordam bersa, bo‘larkan", deganini biladi, garderob xodimidan “yaxshigina” javob oldi. 

– Ovqatlanyapti! – dedi zarda bilan. 

– Ha, mayli-kuya! Lekin bu yerda shuncha odam kutib turibdi. Navbatchilik qilib qo‘ysalaring bo‘lar ekan-da, unda. 

– Keling, o‘zingiz kirib qo‘ya qoling, siz bilan “smena almashamiz”, 370 ming oylikka ishla-a-ab yurasiz… 

Garderob xodimi va haligi ayol o‘rtasidagi so‘z “jangi” ancha davom etishi bilan birga juda “bejirim” so‘zlarga ham “boy bo‘ldi”. Qolgan navbatda turganlar ham battar bo‘lmasin, deb ortiqcha aralashishmadi. Rosa qirq daqiqa deganda, arang kiyimlarimni topshirdim. Bir tomondan kitobxonlarning ko‘pligidan quvonsang, bir tomondan garderob xodimlarining har galgi “muomala”sidan ta’bing tirriq bo‘ladi. 

Vaziyatni kuzatar ekanman, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovning “Tafakkur” jurnalida e’lon qilingan “To‘g‘ri siljitmoq azmi” nomli suhbatidagi quyidagi fikrlari yodimga tushdi: "Teatr garderobdan boshlanadi" degan naqlni bilasizmi? Aslida teatr undan ham oldin chiptaxonadan boshlanadi. Chipta sotuvchining muomalasidanoq spektaklga “tashxis” qo‘ysa bo‘ladi. E’tibor berganmisiz, teatr farroshlarining chelagiga kigiz o‘ralgan bo‘ladi. Rasmi shunday: tiq etgan tovush chiqmasligi kerak. Qay birini aytay, teatrning o‘z arkonlari, tartib-qoidalari bor. Shulardan birortasini buzdingizmi, tamom, keyin “Nega spektakllarga odam kelmayapti?”, deb kalavaning uchini topolmay yuraverasiz". 

Kutubxona-chi? Bu joy undan ham muqaddas dargoh-ku. U yerdagi bu kabi muomala madaniyati, bundan kelib chiqadigan noqulayliklar, albatta, kitobxonlarga ta’sir qilmay qolmaydi. Shu kabi qattiq nazoratni o‘rnatib qo‘yib, kutubxonaga kirishdagi bu kabi muomalani “yaratib” qo‘yamiz-da, “kalavaning uchini topolmay yuraveramiz”. 

Yoshlar kitob o‘qimayapti, deb tanqid qiladiganlarga esa kutubxonaga borib, vaziyatga o‘zlari baho berishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Kutubxonaga keluvchilar chunonan ko‘pki, har gal bazo‘r bo‘sh joy topib o‘tiraman. 

To‘g‘ri xavfsizlik yaxshi, lekin eshikning oldidayoq juda ko‘p ushlanib qolish ham foydalanuvchilar dilini siyoh qiladi. Doimiy tiqilinch vaziyatning oldini olish uchun garderobni kengaytirib, ishchi xodimlar soni oshirilsa, kirishda qandaydir osonroq rejim o‘rnatilsa, foydalanuvchilar uchun yanada qulayliklar yaratilarmidi? Kutubxonaga kelgan foydalanuvchi ilm olishdan boshqa narsalar uchun ortiqcha vaqt ajratishga majbur qilinmasmidi shunda. 

Maqolaga yo‘llangan javob xati

«Ma’rifat markazi» binosidan foydalanish va tutash hududga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan direksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi №302-sonli qaroriga binoan tashkil etilgan. Mazkur qarorga asosan direksiyaning asosiy vazifasiga quyidagilar belgilangan: 

- belgilangan me’yorlar va standartlarga muvofiq «Ma’rifat markazi» binosidan samarali foydalanish hamda binoning infratuzilmasi, unga tutash hududni obodonlashtirish va tozaligini talab darajasida saqlash; 

- binoni saqlashning murakkab texnologik asbob-uskunalari, axborot va muhandislik-kommunikatsiya tizimlarining zarur tarzda ishlashini ta’minlash, foydalanayotgan mashinalar, mexanizmlar va inshootlarga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatishdan iborat. 

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning buyurtmalari asosida xavfsizlik va huquq-tartibotning belgilangan talablariga rioya etib «Ma’rifat markazi» binosida xalqaro simpoziumlar, kongresslar va konferensiyalar o‘tkazilishiga ko‘maklashish. 

Shu bilan birga “Ma’rifat markazi” binosida joylashgan A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyatiga xizmat ko‘rsatish belgilangan. 

A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyuruvchilarga yil davomida o‘z kiyim-boshlari va shaxsiy buyumlarini saqlash maqsadida loyiha bo‘yicha 1000 ta kiyim ilish uchun mo‘ljallangan joy (garderob) tashkil etilgan. Direksiyaning shtat jadvaliga asosan kiyim iluvchi xodim lavozimining soni 2 tadan iborat. 

Kiyim ilish xonasi xodimlari direksiya rahbariyati tomonidan tasdiqlangan «Lavozim yo‘riqnomasi»ga binoan soat ertalab 8.30 dan 20.00 ga qadar ish tashkil etadi. Kiyim iluvchi xodimlar barcha tashrif buyurgan fuqarolarni ustki kiyim boshlari va sumkalarini saqlash uchun olib qoladilar. Pul, mobil aloqa vositalari va qimmatbaho buyumlarni o‘zlari bilan olib ketishi bo‘yicha ogohlantiradilar. Bugungi kunda kutubxonaga tashrif buyuruvchilarning soni bir kunda 2500 tani tashkil etib, garderobning sig‘imidan oshib ketmoqda. Bu esa o‘z navbatida noxush vaziyatlarga olib kelmoqda. 

Maqolada ko‘rsatib o‘tilgan vaziyat yuzasidan direksiya xo‘jalik bo‘limi xizmat ko‘rsatuvchi xodimlari ishtirokida 2017 yil 27-dekabr kuni tezkor majlis yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda kelgusida noxush hodisalarning oldini olish maqsadida xodimlarimiz ogoh bo‘lishlari, binoga tashrif buyurgan fuqarolarga xushmuomala bo‘lishi, ularga yuklatilgan barcha vazifalarni sidqidildan bajarishlari hamda mehnat tartib intizomiga amal qilishlari ta’kidlab o‘tildi. 

Shuningdek, ish unumdorligini oshirish maqsadida direksiya shtat jadvaliga qo‘shimcha 2 ta kiyim iluvchi lavozimi kiritilishi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga murojaat etish belgilandi. 

A.G‘afurov,
«Ma’rifat markazi» binosidan foydalanish va tutash hududga xizmat 
ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan direksiyasi direktori

11 515