Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.11.2017 15:23 Chop etish versiyasi

Aliment to‘lamay yurgan 2 mingga yaqin shaxsga tegishli choralar ko‘rildi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonida oilalarni yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, jamiyatda ahillik va o‘zaro hurmat muhitini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mustahkam oila – jamiyat tayanchi. Shu bois oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish, oilaviy ajralishlar, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, oilaviy nizolarni bartaraf etish borasida Andijon viloyatida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

– 769 mingdan ziyod oilaning 25 foizdan ko‘prog‘i yosh oilalardir, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasii raisi Manzura Yunusova. – Prezidentimiz tashabbusi bilan oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish maqsadida tashkil etilgan maxsus ishchi guruhlar joriy yilning o‘tgan davrida har bir xonadonda bo‘lib, oilalarning ahvoli, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni chuqur o‘rgandi. Hayotda namunali, sog‘lom oilalar bilan birga, afsuski, notinch oilalar ham uchrab turadi. Ko‘proq ana shunday oilalar bilan ishlash, ularda ma’naviy sog‘lom muhitni qaror toptirish muhim vazifamizdir.

O‘rganishlar davomida 3 mingdan ortiq nizoli oila borligi aniqlandi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2 mingdan ziyod oila ajralib ketishining oldi olindi. Aliment to‘lamay yurgan 2 mingga yaqin shaxsga tegishli choralar ko‘rildi.

Viloyatda yiliga o‘rtacha 25 mingdan ortiq yangi oila barpo bo‘ladi. Biroq, joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 700 ga yaqin oilaning qonuniy ajralib ketish holati qayd etilgani achinarlidir. Ana shu ajrimlar tahlil etilganda, bunga ko‘proq farzandsizlik, qaynona-kelin mojarosi, qudalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, erkakning qonuniy nikohi bekor bo‘lmasdan boshqa oila qurib olishi singari qator omillar sabab bo‘layotgani aniqlangan. Bu esa yosh oilalarni mustahkamlash, ularning muammolarini hal etish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishni taqozo etadi.

– Viloyatdagi 866 mahallada xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkilotlari yetakchilari, fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik kengashi a’zolari hamkorligida oilalarni mustahkamlash, ayniqsa, yosh oilalar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda, – deydi viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik uyushmasi raisi Zamira Tillayeva. – Natijada oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq salbiy holatlar bartaraf etilmoqda.

Muammoning o‘ta dolzarbligi hisobga olinib, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarining qo‘shma sessiyasi o‘tkazildi. Unda oilalarni, uning qonuniy asoslarini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, to‘y-hasham va boshqa marosimlarni tartibga solish to‘g‘risidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Majlisda ko‘plab mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, maslahatchilari, profilaktika inspektorlari, imom-xatib va otinoyilar faoliyati tanqidiy tahlil etildi. Shuningdek, to‘y va boshqa marosimlarni qisqartirish, tartibga solish, oilalarni mustahkamlash, ajralish yoqasiga borib qolgan oilalarni saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan qabul qilingan “Viloyatda oilalarni, uning qonuniy asoslarini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar to‘g‘risida”gi qarorda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, xususan, mahallalar va har bir oilada ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, to‘y-hasham, oilaviy marosimlarni ixchamlashtirish, chet eldan kirib kelayotgan turli g‘oyaviy tahdidlar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning, oilaviy mojarolar bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilikning roli va hamkorligini kuchaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari, mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida huquqshunoslar, psixologlar, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar ishtirokida o‘tkazilayotgan turli tadbirlar, davra suhbatlarida oilalar muammolari bilan bog‘liq holatlar atroflicha muhokama etilmoqda, salbiy holatlar kelib chiqishining oldini olish, qaynona-kelin munosabatlari qanday bo‘lishi, shuningdek, yosh oilalar vakillari hamda oila qurish arafasida turgan yigit-qizlarga oilaning muqaddasligi, oila a’zolarining burchi va mas’uliyati haqida keng tushunchalar berilmoqda.

– Bu kabi tadbirlar o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatmoqda, – deydi Andijon shahar “Ayollar maslahat markazi” rahbari Nasiba Rahimova. – Yilning birinchi yarmida markazimizga turli muammolar bilan 500 dan ziyod xotin-qiz murojaat qilgan bo‘lsa, ularning aksariyati oilaviy masalalar bilan bog‘liq. Quvonarlisi, olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari samarasida keyingi uch oyda bunday murojaatlar soni keskin kamaydi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
2 098






Все о погоде - Pogoda.uz