O‘zA O`zbek

10.08.2018 21:11 Chop etish versiyasi

Aliment to‘lamaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Fuqarolardan aliment to‘g‘risidagi qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar bo‘yicha ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Bu yangiliklarning qisqa mazmun-mohiyati, ularning qachon kuchga kirganligi haqidagi savol bilan Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyevga murojaat qildik:

- Joriy yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun bilan aliment sohasidagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilgan edi.

Mazkur o‘zgartirishlar joriy yil 10 iyuldan kuchga kirdi. Ushbu o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda:

aliment to‘lamaslik 15 sutka ma’muriy qamoqqa olinishiga sabab bo‘ladi;

aliment to‘lashga majbur shaxslar ikki oy (ilgari uch oy) mobaynida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa, jinoiy javobgarlikka tortiladi (3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi ham mumkin);

har bir bola uchun eng kam aliment miqdori eng kam ish haqi miqdorining 75 foizdan (ilgari uchdan bir qism) kam bo‘lmagan miqdorda (138 225 so‘m) belgilanadi;

alimentni bola voyaga yetgunga qadar ko‘char va ko‘chmas mol-mulk yoki boshqa qimmatli narsalar berish orqali bir yo‘la oldindan to‘lash mumkin;

aliment oldindan to‘langan yoki garov shartnomasi tuzish holatlarida, ushbu shaxsga respublikadan chiqishga qo‘yilgan taqiq olib tashlanadi. Bunda garov qiymati qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining ikki yuz ellik baravaridan kam (46 mln 75 ming so‘m) bo‘lmasligi lozim.

Bundan tashqari, shuni aytish kerakki, agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.

Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 299