O‘zA O`zbek

06.08.2018 17:19 Chop etish versiyasi

Alijon ota Mamadiyev: Muammoim Oliy sud raisining sayyor qabulida hal bo‘ldi

Alijon ota Mamadiyev: Muammoim Oliy sud raisining sayyor qabulida hal bo‘ldi
Alijon ota nafaqasi to‘g‘ri hisoblanganiga shubhalanib pensiya jamg‘armasiga murojaat qildi. Aniqlanishicha, qo‘shni davlatda ishlasa-da uning bir necha yillik jamg‘armaga qilgan to‘lovlari inobatga olinmagan. Tortishuvlardan natija chiqmagach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining Farg‘ona tumanidagi sayyor qabuliga bordi.

– Avvaliga odamlardan eshitgan xabarga ishonmadim. Kim-kim, Oliy sud raisi qishlog‘imizga biz bilan uchrashgani kelsa-ya?! Gumonimning sababi, shu yoshga kiribmanki, bironta huquqiy katta idora rahbari tuman, shahar va qishloqlarga kelib xalq bilan muloqot qilgani haqida hatto eshitmagandim. Aytilgan kuni uchrashuv joyiga borsam, oddiygina, bir odamni mamlakatning bosh qozisi deb tanishtirishdi. Ochiq chehra, xushmuomala, xullas, o‘zimizga o‘xshagan inson ekan. Lekin har birimizni sabr bilan tinglar, keyin qonunchilik asosida muammomiz yechimini tushuntirar edi. Baraka topsin, biz ba’zida hissiyotga berilib ovozimizni ko‘tarib gapirsak, shoshqaloqlik qilsak ham kulib turib javob berardi.

Rais mening masalam ham sud orqali hal bo‘lishini aytdi. Shundan so‘ng arizam ko‘rib chiqilib huquqim, haqim tiklandi. Shunday insonlarni amalga tayinlagan, qishloqlarimizga yuborgan Prezidentimiz omon bo‘lsin, deya menga o‘xshagan o‘nlab fuqarolar duo qildik, – deb hikoya qiladi Alijon ota.

Sud hokimiyatini chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.

O‘tgan davr mobaynida sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, sud’yalarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish tartibini takomillashtirish, har bir ish bo‘yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli sud qarori chiqarilishini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi, sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, ma’muriy sudlar tashkil etildi, shuningdek, sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etildi.

Barcha toifadagi sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqish amaliyotining kengaytirilganligi aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va sud hokimiyatining ochiqligini oshirish yo‘lida ko‘rilgan muhim chora bo‘ldi.

Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani bu sohadagi islohotlarning uzviy davomi bo‘ldi.

Sohadagi barcha islohotlar bir narsaga – sudlarda ochiqlik, adolat ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.

O‘tgan oyning so‘nggi kunlari esa mamlakatimizda yana bir tarixiy voqea ro‘y berdi. Birinchi marta sudyalar korpusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yuzma-yuz uchrashdi. Bu sud hokimiyati tizimidagi o‘zgarishlar tezlatilishida muhim turtki bo‘ldi.

Raqamlar tili bilan aytsam, shu yilning olti oyida 411 fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Jamoat tashkilotlari kafilligida 50 dan ziyod ayol, yoshlar sud zalidan ozod etilib, ularga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi. Garchi 30 foiz sud ishlarini sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, masalan Farg‘ona viloyatida bu raqam 50 foizdan oshib ketdi. Bunday sud majlislarida aholi nafaqat oshkoralik, adolatli hukm guvohi bo‘ldi, balki ularning tarbiyaviy ahamiyati ham qudratli vositaga aylandi. Sayyor sud majlisini kuzatgan xonadon a’zolari keyin, oila davrasida muhokama etib tegishli xulosalar chiqardi. Bir hafta davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosarlari Farg‘ona viloyatining deyarli barcha tuman-shaharlarida aholi uchun sayyor qabul va uchrashuvlar o‘tkazdi. Rais Kozimjon Komilov bilan esa oltita tumanda shunday qabullar tashkil etildi. Yuzlab odamlar o‘zlarini qiynayotgan muammolariga yechim, savollariga haqli javob topdi.

Vodillik Alijon ota haq gapni aytdi. Odamlarda odil sudlov tizimiga ishonch mustahkamlanmoqda.

Muhammadjon Obidov, jurnalist

2 997