O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

“Al-Azhar” majmuasi rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

“Al-Azhar” majmuasi rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

Samarqandda oʻtkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan “Al-Azhar” majmuasi rahbari, Misr Bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hamrohligida Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.

Qurʼon tilovat qilindi.

Misr Bosh imomiga mazkur majmua tarixi, ayni paytda bu yerda amalga oshirilishi rejalashtirilgan rekonstruksiya ishlari haqida maʼlumot berildi.

Shundan soʻng yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi. Xalqaro markaz muzeyi va bu yerda saqlanayotgan nodir asarlarni hayrat bilan kuzatdi.

Muassasalar ilmiy xodim va tinglovchilari bilan suhbat chogʻida Shayx Ahmad Tayyib ularni Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziydek ulugʻ ajdodlarga munosib olim boʻlib yetishishga daʼvat etdi. Buning uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga yuksak baho berdi.

“Al-Azhar” majmuasi rahbari xalqaro markaz va hadis ilmi maktabi faxriy mehmonlar kitobiga dil soʻzlarini yozib qoldirdi.

1 284
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), OʻzA