O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

AKT yangiliklari: Ayollar huquqlari qonun himoyasida

AKT yangiliklari: Ayollar huquqlari qonun himoyasida

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida “Ayollar huquqlari qonun himoyasida” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuni mazmun-mohiyatini tizim xodimlariga yetkazish maqsadida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi masʼullari, vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, ularni jamiyatning teng huquqli, faol aʼzosiga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish, muammolarini bartaraf etish, oila va jamiyatdagi nufuzini oshirish borasida respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan talablar, shuningdek, mazkur qonundan kelib chiqadigan vazifalar haqida maʼlumot berildi.

* * *

“Made in Uzbekistan” koʻrgazmasida AKT vazirligi ekspozitsiyalari namoyish etilmoqda

“Oʻzekspomarkaz” koʻrgazmalar majmuasida davom etayotgan “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi katta hajmdagi stendi bilan ishtirok etmoqda.

“Made in Uzbekistan” koʻrgazmasi mahalliy korxonalarni eksportga yoʻnaltirish, xorijlik tadbirkorlar bilan barqaror va uzoq muddatli hamkorlik oʻrnatish, 2020-yil uchun barqaror eksport shartnomalari portfelini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.

Vazirlik tomonidan majmuaning 3-pavilonida “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “UNICON.UZ”, “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonalari va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ekspozitsiyalari, jumladan, “Oʻzbektelekom” AK tizimidagi “Telecom Devices Pro” va “Telecom Innovations” MCHJ mahsulotlari namoyish etilmoqda.

“Telecom Devices Pro” MCHJ 2012-yilda “Navoiy” erkin iqtisodiy hududida tashkil etilib, CDMA-450 standartidagi mobil va statsionar telefonlar, planshet va kompyuter ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Mazkur korxona CDMA-450 qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona korxona hisoblanadi.

“Navoiy” erkin iqtisodiy hududida joylashgan yana bir korxona – “Telecom Innovations” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxona tomonidan ADSL modemlar, DSLAM uskunalari, optik konsentratorlar, raqamli televideniya “set-top-box” priyomniklari, abonentlar hamda “Oʻzbektelekom” AK ATSlari uchun boshqa operator va abonent uskunalari ishlab chiqariladi.

* * *

TATU vakillari Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)da

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiya Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bosh ofisiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda delegatsiya aʼzolari TATUda joriy etilayotgan “Integrallashgan taʼlim tizimi” loyihasi uchun KOICA tashkiloti tomonidan 2020-yilning 1-choragida yuboriladigan texnik qurilmalar hamda dasturiy taʼminot bilan tanishib, ularni mamlakatimizga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishildi.

1 480
Avazbek XUDOYQULOV, OʻzA