Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 20:02 Chop etish versiyasi

AKT mutaxassislari uchun chinakam rag‘bat

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 15-martdagi «Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Qarorda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm-fan muhitini yaratish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlar va professor-o‘qituvchilarning istiqbolli ilmiy-tadqiqotlarini amalga tatbiq etish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalari uchun AKT sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.

AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha mintaqamizdagi yetakchi ta’lim muassasasi hisoblangan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand, Farg‘ona, Qarshi, Urganch, Nukus filiallari tashkil qilingan. Universitet hamda uning filiallarida o‘n mingdan ziyod talaba komputer va dasturiy injiniring, pochta aloqasi, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalar yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.

2017/2018 o‘quv yillarida universitetda ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning nomini abadiylashtirish hamda uning merosini o‘rganish bilan bog‘liq yirik tadbirlar amalga oshiriladi.

Mamlakatimizning yetakchi olimlari ishtirokida respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy anjumanlar, oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar bilan ilmiy uchrashuvlar hamda davra suhbatlarini tashkil etish belgilangan. 2018-yilda alloma tavalludining 1235-yilligini keng nishonlash yuzasidan ilmiy-amaliy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Iqtidorli talabalar uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyaning joriy etilishi, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida AKT sohasida, shu jumladan, dasturiy mahsulotlarni yaratish borasida tanlov va olimpiadalarning o‘tkazilishi bo‘lajak AKT mutaxassislari uchun chinakam rag‘batdir.

Universitetda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm-fanning yangi qirralarini tadqiq etishga mo‘ljallangan yangi o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi. Matematik modellashtirish, algoritmlash va kriptologiya sohalarida, komputer va dasturiy injiniring, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalari, axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida zamonaviy o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqish, ularning multimediali avlodlarini yaratish hamda talabalar, olimlar va pedagoglarning ushbu o‘quv adabiyotlaridan erkin foydalanishlari uchun ularni elektron resurslarga joylashtirish choralari amalga oshiriladi.

Universitet qoshida tashkil etiladigan Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari o‘quv darsliklar va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya xarajatlarini qoplash, «Muhammad al-Xorazmiy avlodlari» nomli ilmiy jurnal nashr etilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ilmiy va o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar, zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash, iqtidorli talabalari, professor-o‘qituvchilari va yosh ilmiy xodimlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, universitetda dars berish va Markazda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda uning filiallari oldida yosh mutaxassislarni ilmiy-tadqiqot faoliyatga jalb qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, zarur sharoitlarni yaratib berish orqali universitet faoliyatini takomillashtirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifalar turibdi. Bu vazifalarning amalga oshirilishi ijtimoiy-iqtisodiy sohalar faoliyatini yuqori texnologiyalar yordamida avtomatlashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarishning markazlashuviga erishish, dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiqish hamda iqtisodiyot sohalariga tatbiq etilayotgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini himoyalashga xizmat qiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.Yunusxodjayev so‘zga chiqdi.

Behzod Bozorov, O‘zA
1 668






Все о погоде - Pogoda.uz