O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

Akmal Burhonov: "Navqiron avlod vakillarining chet elga chiqib ketish niyati yo‘q, ammo..."

Akmal Burhonov: "Navqiron avlod vakillarining chet elga chiqib ketish niyati yo‘q, ammo..."

“Yuksalish” umummilliy harakati vatanimiz taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan barcha fuqarolar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, biznes hamjamiyati, akademik doira vakillarini amalga oshirilayotgan islohotlar atrofida ixtiyoriylik asosida birlashtirish maqsadida ta’sis etilgan. Harakat rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov bilan suhbatimiz minglab yoshlarimizning muammosi, islohotlarga munosabatini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida bo‘ldi.

— “Yuksalish” umummilliy harakati yoshlar masalasida o‘z oldiga qanday maqsad va vazifalarni qo‘ygandi? Ular qay darajada amalga oshirilyapti?

— Sir emas, globalizatsiya, migratsiya jarayonlari rivojlanib borayotgan bir paytda ko‘plab yoshlarimiz xorij mamlakatlarida tahsil olib, faoliyat yuritishmoqda. Ayni kunlarda YuNISEF xalqaro tashkiloti bilan “O‘zbekiston yoshlari: intilish, ehtiyoj va xavflar” tadqiqotini olib bormoqdamiz. Barcha hududlarda yurtimizni rivojlantirishga oid tashabbuslar, joylardagi muammolar o‘rganiladi.

“Yoshlarning ehtiyojlari” mavzusida olib borgan tadqiqotimizda esa 7 mingdan ortiq respondent ishtirok etdi. 70 foizdan ko‘proq yigit-qizlar “Chet elga ketmoqchimisiz?” degan savolga “Agar yetarli sharoit qilib berishsa, chet elga ketmasdim” deb javob berdi. Bu esa navqiron avlod vakillarining chet elga chiqib ketish niyati yo‘qligi, ammo ularning o‘qish va ishlashi, mehnat qilib daromad topishi uchun yetarli sharoit yaratilmaganidan dalolat beradi.

— Muammoning yechimini nimada?

— Eng katta muammo o‘g‘il-qizlarimizning o‘qishga kira olmagani bilan bog‘liq. Chunki bizda, afsuski, oliy o‘quv yurtlariga kirish qamrovi 20 foizga yetgani yo‘q. Joriy yilda mamlakatimizdagi OTMlarga 1 milliondan ortiq yoshlar hujjat topshirdi. Ulardan faqatgina 120 ming nafarga yaqini o‘qishga qabul qilinadi. Demak, 880 ming nafardan ziyodi nima qilishini bilmaydi. Statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, yurtimizda bir yilda o‘rtacha 300 mingta yangi ish o‘rni yaratilyapti. Oliy o‘quv yurtlariga 120 ming nafar yigit-qiz qabul qilinsa, 300 ming nafari ish bilan ta’minlansa, qolgani nima bilan mashg‘ul bo‘ladi? Mana yoshlarni chet elga ketishga majbur qilayotgan sabab.

Oliy o‘quv yurtlarining qamrovini kengaytirishga harakat qilinyapti. 30 foiz yoshlarni oliy ta’limda qamrab olgan taqdirimizda ham qolgan 70 foizining bandligini ta’minlash zarur bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, uzluksiz ta’lim, ya’ni kasb-hunarga o‘rgatish, ish o‘rni bilan ta’minlash va tashabbuslarini qo‘llab quvvatlash, turli klublarni tashkil etish yaxshi samara beradi. Yevropada navrastalarning intilishi va dunyoqarashidan kelib chiqib faoliyat yuritadigan tashkilotlar ko‘p. Qiziqqan yo‘nalishi yoki sohasiga ko‘ra turli tashkilotlarga a’zo bo‘lish imkoniyati yaratilgan. Bu tashkilotlar davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Ammo, bitta yuqori tashkilotga qarab qolmaydi. Men o‘ylaymanki, bu tajribani O‘zbekistonda ham keng qo‘llash vaqti keldi.

— Xorijiy safarlar davomida chet eldagi yoshlarimizning qanday yutuq va kamchiliklarini kuzatdingiz?

— Xorijdagi yoshlarimizni yurtga bo‘lgan muhabbatini ko‘rib, quvonasan kishi. Ular Vatandan yiroq bo‘lishni xohlamaydi. Garchi, xorijda o‘qib, ishlasa-da imkon qadar yurtdagilar bilan aloqada bo‘lishni istaydi. Ular oldida bitta muammo: “Qaytib kelganimdan keyin O‘zbekistonda nima qilaman?” degan savol turadi. Koreyada vatandoshlarimiz bilan uchrashuv chog‘ida “Biz Koreyada o‘qiyapmiz. Tabiiyki, amaliyotni ham Koreyadagi tashkilotlar, zavod fabrikalarda o‘taymiz. Aksariyatimiz O‘zbekistonga qaytmoqchimiz” deydi. Koreyada o‘qib yurganlar yozgi ta’til chog‘ida O‘zbekistonda amaliyot o‘tash imkoniyatlari haqida so‘radi. Biz Vatanga qaytgach, vazirliklar bilan bog‘lanib, ularga yetarlicha imkoniyat yaratishga kelishib oldik. Yana bir platformani ishga tushiryapmiz. Xorijiy OTMlarda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari o‘qishni bitirishdan bir yil oldin o‘zi haqidagi ma’lumotni bizga jo‘natadi. Biz esa uning tanloviga qarab, yangi ish o‘rni haqida ma’lumot jo‘natamiz.

Hozirga qadar Koreya va Yaponiya universitetlarida tahsil olayotgan yoshlarimiz bilan shunday kelishuvga erishdik. Hatto Yaponiyadagi talabalarimiz ko‘ngilli bo‘lib Tokio shahrida O‘zbekiston madaniyat markazini ochish tashabbusini ko‘tarishdi. Yapon xalqining diyorimizga qiziqishi kattaligi, turli o‘quv markazlari, kafe va restoranlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali yurtimiz sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirish mumkinligi taklifini bildirdi. Bu takliflar ustida ishlayapmiz.

— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.

Risolat MADIEVA suhbatlashdi 

3 467
O‘zA