O‘zA O`zbek

09.08.2018 11:14 Chop etish versiyasi

Axborot tarqatishning muhim va qulay vositasi

Axborot tarqatishning muhim va qulay vositasi

Jizzax viloyati hokimligining yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushdi. Avvalgisidan farqli yangi veb-saytda axborot berish hajmi kengaytirilib, foydalanuvchilarga bir qator qulayliklar yaratilgan.

O‘zbek va rus tillaridagi ma’lumotlar joylanadigan yangi saytda materiallar hajmi ilgarigiga nisbatan o‘n baravarga ortdi.

Ayni paytda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytida hudud hayoti yangiliklari, hokimlik faoliyati haqida axborotlar muntazam berib borilayotir.

Bundan tashqari, yangi veb-saytda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo‘shimcha qulaylik taqdim etuvchi funksiyalar o‘rin olgan. Veb-saytning “Video lavhalar” bo‘limida videomateriallar berib boriladi. Veb-saytdagi ma’lumotlar matn, infografika va foydalanuvchilar uchun boshqa qulay uslublarda beriladi.

Bugungi kunda UZ domenida barcha tuman va shaharlar hokimliklari, viloyatdagi 100 dan ziyod korxona va tashkilotlarning veb-saytlari ishlab turibdi.

– Viloyatda veb-saytlarning texnik ta’minoti bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlar ham, oliy ma’lumotli yosh mutaxassislar ham yetarli, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Mahmud G‘iyosov. – Boshqarmamiz tizimida veb-saytlarga xizmat ko‘rsatuvchi kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish, dasturiy mahsulotlar bilan ta’minlash xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan biznes subyektlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

T.Beknazarov, O‘zA
2 380