O‘zA O`zbek

12.12.2017 15:24 Chop etish versiyasi

“Akfa Medline” tibbiyot markazi poliklinikasi 1 kunda 200 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega

“Akfa Medline” tibbiyot markazi poliklinikasi 1 kunda 200 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega El sog‘lig‘i – yurt boyligi. Shu bois, xalqimiz duoga qo‘l ochganda, avvalo, tinchlik-xotirjamlik, salomatlik tilaydi. Mamlakatimizda malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga ko‘tarish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va tibbiy madaniyatni yuksaltirishga doir olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar zamirida ham bu ezgu maqsad mujassam.

9.JPG

Bugun tibbiyot sohasini zamon talablari darajasida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqimiz roziligi yo‘lida sohaga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli o‘sib, xususiy sektor vakillariga keng imtiyozlar yaratildi. Bular yordamida xususiy tibbiyot vakillari zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilmoqda. Yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Xususiy tibbiyot yo‘nalishi nafaqat shaharlarni, balki qishloqlarni ham qamrab olayotir.

18.JPG

“Akfa Medline” tibbiyot markazi bu imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Eng ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan xususiy tibbiyot markazida Prezidentimizning "Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida aholi uchun barcha sharoit yaratilgan.

39.JPG

Tibbiyot markazining umumiy maydoni 2 gektar bo‘lib, 5 blokdan iborat. 12 qavatli zamonaviy binoda 160 o‘rinli statsionar mavjud. Tibbiyot markazi poliklinikasi 1 kunda 200 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 93 milliard so‘m investitsiya jalb qilindi. Bu mablag‘ning 41 milliard so‘mi qurilish-ta’mirlash ishlariga, 52 milliard so‘mi esa asbob-uskunalar xarid qilishga sarflandi.

26.JPG

“Akfa Medline” eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda 400 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, malakali mutaxassislar ultratovush diagnostikasi, terapiya, ginekologiya, gastroenterologiya, diyetologiya, fizioterapiya, otorinolaringologiya, urologiya, pediatriya, kardiologiya, oftalmologiya, nevrologiya, endoskopiya, ortopediya, xirurgiya, neyroxirurgiya kabi yo‘nalishlarda aholi salomatligini tiklash, mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

27.JPG

– Prezidentimiz muassasamizga tashrifi chog‘ida faoliyatimiz uchun dolzarb bo‘lgan qator ko‘rsatmalar berdi, – deydi “Akfa Medline” tibbiyot markazi loyiha rahbari Kamola Mirzaaliyeva. – Mamlakatimizdagi mavjud xususiy tibbiyot mutaxassislarining o‘quvini tashkil etish, xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha asosiy baza bo‘lish, Koreya Respublikasi tajribasi asosida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, tibbiyot yo‘nalishida ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar va talabalarni amaliyotga jalb etish shular jumlasidandir.

3.JPG

Ma’lumki, Prezidentimiz chet davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlarida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislarni mamlakatimizga qaytarish, ular malakasidan unumli foydalanish, bu mutaxassislarga yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish tashabbusini ilgari surgan edi. “Akfa Medline” tibbiyot markazi jamoasi e’tiboridan bu dolzarb masala chetda qolmadi. Ayni paytda mazkur markazda xorijda tajriba orttirgan 3 nafar o‘zbekistonlik yuqori malakali mutaxassis faoliyat yuritmoqda.

Ulardan biri Botir Mirzayev. U gastroenterologiya yo‘nalishi bo‘yicha Quvaytda ishlagan. Rahim Tojiboyev Malayziyada o‘qib, o‘sha mamlakatda kardioanesteziologiya sohasida faoliyat yuritgan. Tibbiyot markazi bosh vrachi Fuzuliddin Orifxo‘jayev ham 7 yil mobaynida AQShda malaka oshirgan, yetuk mutaxassislar bilan birga ishlagan.

Sir emas, yurtdoshlarimizning ayrimlari kasalliklarni davolash uchun va murakkab operatsiyalarga ehtiyoj sabab chet el klinikalariga murojaat qilishmoqda. Bu vaziyatni inobatga olgan holda mamlakatimizga chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotgani yaxshi samara bermoqda.

– Bizning tahlillar chet ellarga, xususan, Hindistonga davolanish uchun ketayotgan fuqarolarimiz soni ko‘p ekanini ko‘rsatmoqda. Shuni inobatga olib, biz asosiy e’tiborni hindistonlik mutaxassislarni klinikamizga olib kelishga qaratdik. Bugun bizda Hindistonning taniqli klinikalarida xizmat qilayotgan 15 ga yaqin yuqori toifali va ularga yordamchi o‘rta toifali mutaxassislar faoliyat boshlagan. Bundan tashqari, rossiyalik mutaxassislar ham samarali ishlamoqda, – deydi K.Mirzaaliyeva. – Ayni paytda ular gastroenterologiya, kardiologiya, oftalmologiya, nevrologiya, umumiy xirurgiya, neyroxirurgiya kabi yo‘nalishlarda tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda, murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarmoqda. Ular yonida mahalliy shifokorlarimiz tajriba orttirmoqda.

– Haydaroboddan keldim. Toshkent menga juda yoqdi. Odamlari samimiy, mehmondo‘st, – deydi hindistonlik neyroxirurg Ramdas Gidugu. – Maqsadimiz – bor imkoniyatimiz va bilimimizni ishga solib, O‘zbekiston aholisi salomatligi uchun xizmat qilish. Buning uchun barcha sharoit mavjud.

Shu o‘rinda xorijda davolanib qaytishning ayrim noqulay jihatlari haqida mulohaza yuritaylik. Gap shundaki, chet el klinikasida davolanishning qiyinchilik tomoni – bu, avvalo, til bilmaslik muammosi, huquqiy kafolatlangan tibbiy xizmatning mavjud emasligi. Qolaversa, xorijda davolanish katta mablag‘ talab etadi. “Akfa Medline” tibbiyot markazi jamoasining asosiy maqsadi esa aholiga imkon qadar zamonaviy sharoitlar yaratib berish. Eng muhimi, huquqiy kafolatlangan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish. Buning uchun barcha sharoit muhayyo.

Mazkur tibbiyot markazi faoliyatini tashkil qilish jarayonida Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi mamlakatlardagi yetakchi xususiy tibbiyot muassasalari tajribasi o‘rganildi, ilg‘or usullardan andoza olindi. Tibbiyot sohasi yutuqlari namoyish etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etildi. Shu o‘rinda mazkur tibbiyot markazida mavjud sharoitlarni sanab o‘tsak: tibbiy kartalar elektron shaklda yuritiladi, bemor tibbiy kartasidagi ma’lumotlar 30 yildan ortiq muddat saqlanadi. Klinikada har bir apparat elektron tizimga bog‘langan. Radiologiya bloki bor. Unda magnit rezonansli tomograf, multi spiralli komputerli tomograf, zamonaviy rentgen, mammografiya apparatlari mavjud. Kardiologiya, ginekologiya va umumiy kasalliklar, jigar serrozini aniqlashga ixtisoslashgan uchta ultra tovush tadqiqotlari apparati ishlab turibdi. Laboratiya yo‘nalishida Shveytsariyadan eng zamonaviy uskunalar keltirilgan. Oshqozon kasalliklarini davolashda ilg‘or texnologiyalardan foydalaniladi.

“Akfa Medline” tibbiyot markazida kasalni tabib emas, habib tuzatar maqoliga amal qilinadi. Shu ma’noda har bir bemorga, avvalo mehmon sifatida qaraladi. Sharoitlar ham shunga yarasha. Bularning barchasi bemorni nafaqat jismonan, balki ruhan sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Tashrif buyuruvchilar uchun alohida sog‘lomlashtirish majmuasi bor. Fizioterapiya muolajasi, tuzli xona, basseyn ular xizmatida.

Tibbiyot markazida 8 operatsiya xonasi bo‘lib, ular eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Xonalarga tozalangan havo uzatib turiladi. Bu jarrohlik amaliyotidan keyin turli infeksiyalar tushishining oldini oladi. Bemor tez sog‘ayib ketishiga xizmat qiladi.

Markaz mutaxassislari xususiy tibbiyotga qaratilayotgan alohida e’tibor, mavjud imtiyozlardan mamnun holda faoliyat ko‘lami va sifatini muttasil oshirib borishga harakat qilmoqda.

Ulug‘bek Asrorov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
18 674