O‘zA O`zbek

14.08.2018 16:33 Chop etish versiyasi

Akademiklarga yangi namunadagi guvohnomalar topshirildi

Akademiklarga yangi namunadagi guvohnomalar topshirildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademiklariga yangi namunadagi guvohnomalar topshirildi.

Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi oldidan

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, ilm-fan doirasi vakillari, akademiklar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahbarligida 2018-yil 20-iyul kuni Yadro fizikasi institutida Fanlar akademiyasi va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Muloqotda akademiklar guvohnomasining yangi namunasini ishlab chiqish, akademiklarni guvohnoma bilan tegishli vazirliklar va idoralarga hech qanday to‘siqsiz kirishini ta’minlash yuzasidan bildirilgan takliflar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan akademiklarning yangi namunadagi guvohnomasi ishlab chiqildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov akademiklarning yangi namunadagi guvohnomasini tantanali topshirdi. Ushbu guvohnoma akademiklarning mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Joriy yilning o‘tgan olti oyida mamlakatimizning turli hududlaridagi ta’lim muassasalarida akademiklar ishtirokida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Oliy o‘quv yurtlarida professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, 23 doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi, 5 ta monografiya va 100 dan ortiq ilmiy maqola, tezis chop etildi. Akademiklar 36 ta davlat ilmiy-texnika dasturlarida ishtirok etmoqda.

Prezidentning 2017-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 91 nafar a’zosi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning turli jabhalarida faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Davlatimiz tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami oldidan biz, soha xodimlariga berilayotgan bunday e’tibor va imkoniyatlardan minnatdormiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi A.Abdukarimov. – Yangi namunadagi guvohnomalar faoliyatimizni yanada rivojlantirishga keng yo‘l ochadi. Ko‘p yillardan buyon Genomika va bioinformatika markazida ilmiy faoliyatimni olib bormoqdaman. O‘tgan vaqt davomida sohada ko‘plab tadqiqotlarni o‘tkazdik. Jumladan, kartoshkaning serhosil, g‘o‘zaning yangi 10 dan ortiq navlari yaratildi. Hozirgi kunda ham shu izlanishlarni davom ettirgan holda shogirdlarim bilan dorivor o‘simliklarni invitro holatda ko‘paytirish ustida ish olib bormoqdamiz.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 389