O‘zA O`zbek

15.05.2020 Chop etish versiyasi

Akademik Vohid Abdullayevni eslab

Akademik Vohid Abdullayevni eslab
Yodnoma

Tabiatda quyma oltin, yombi gavhar uchraydi, deydilar. Gavhari shabchiroq haqidagi ertakni oʻqigansiz. Xoʻsh, yombi gavhar, gavhari shabchiroq deb atashga arzigulik insonlar uchramaydimi? Yombi gavhar oʻzidan nur taratib turarmish, uning yogʻdusida kechasi kitob oʻqisa boʻlarmish. Oʻzidan nur taratib turadigan insonlar yoʻqmi? Bor, atoqli adabiyotshunos olim, akademik Vohid Abdullayev ana shunday siymo edilar. Necha yillar Samarqand adabiy muhitini mashʼal boʻlib yoritib turdilar.

Men bu muhtaram zot ila Buxoro pedagogika instituti (hozirgi universitet)da tanishganman. U kishi davlat imtihonlari komissiyasining raisi boʻlib kelgandi oʻshanda. Basavlat, shirinsoʻz, butun qiyofasidan nur taralib turgan Vohid domla davralarning guli boʻlgan, bir necha shogirdlar orttirgan edi Buxoroda.

Ikkinchi bor Toshkentda koʻrishib, suhbatlashdik. Suhbatimiz qiziq kechgan. Bir kuni ertalab aspirantlar yotogʻidan chiqsam, eshikda Vohid domla turibdilar. Salomlashdim.

“Aspiranturada oʻqiyapsizmi? Hay-hay, na goʻzal, – dedilar tabassum qilib. – Gʻayrat qiling! Shoirdan yomon olim chiqmaydi”.

Keyin qaysi mavzuda ishlayotganim, ilmiy rahbarim haqida surishtirdilar. Va toʻsatdan: “Meni vokzalgacha kuzatib qoʻysangiz, uchta muhim gap aytaman, xursand boʻlasiz”, – dedilar.

“Jonim bilan, domla”, — dedim va qoʻllaridan portfelini oldim.

Ikov yoʻlga tushdik. Aspirantlar yotogʻidan katta yoʻlgacha chamasi uch yuz metr masofa. Oʻn uchinchi tramvayga oʻtirib, vokzalga joʻnadik. Tiqir-tiqir ketyapmiz... Vagonda odam siyrak. Vohid domla ovoz qoʻyib, baland ruh bilan gʻalati bir sheʼr oʻqidilar:

Nimayiz bor, nimayiz bor?

Bir namat, boʻriyomiz bor.

Seningdek podsholarga

Duoyi beriyomiz bor.

“Qalay? – dedilar men tomonga maʼnoli boqib.

“Zoʻr!” – dedim.

“Ana shunaqa! Bizga hamroh boʻlsangiz, tesha tegmagan sheʼrlarni eshitaverasiz, — dedilar kulib. – Keling, endi birinchi muhim gapni aytay... Sizni keksa hofiz Rasulqori Mamadaliyev. Xabaringiz bormi?”

“Yoʻq”, – dedim.

“Boʻlmasa, eshiting. Margʻilonda edik. Katta davra. Toʻrda Rasulqori hofiz. Ashulaxonlik. Bir mahal televizorda “Marhaba, talantlar!” koʻrsatuvi boshlandi. Fargʻonalik yoshlar bilan buxorolik yoshlar bellashuvi. Buxorolik qizlar sizning “Hay-hay, na goʻzal, koʻzguda jonona koʻrindi” sheʼringizni qoʻshiq qilib aytishdi. Jyuri raisi Turob Toʻla ularning ijrosiga oʻn ball baho berdi. “Shoiriga ham tan berish kerak, — dedi taʼkidlab, — sheʼrni qiyomiga yetkazibdi”.

Shunda Rasulqori “Shoiri kim?” deb soʻrab qoldilar. Men buxorolik yosh shoir Jamol Kamol deb sizni taʼrif-tavsif qildim... Keksa hofiz davraga yuzlanib, kelinglar birodarlar, shu yigitni bir duo qilaylik deb, duoga qoʻl ochdilar. Sizni astoydil duo qildilar. Davra ahli, chamasi yigirma chogʻli kishi “omin!” deb duoga qoʻshildi... Hammaga ham nasib etmaydi bu! Xoʻsh, xursandmisiz?”

“Xursandman, umrlari uzoq boʻlsin!” – dedim.

Tramvayda “tiqir-tiqir” ketyapmiz deng...

“Endi ikkinchi gapni eshiting, — dedilar Vohid domla. – Bilasiz, biz, oʻzbeklar, Alisher Navoiyga ega chiqdik. Tojiklar Abdurahmon Jomiyga, ozariylar Shayx Nizomiy Ganjaviyga ega chiqishdi. Amir Xisrav Dehlaviyga hech kim ega chiqmadi. Ota-bobolari Shahrisabzning turk-lochin urugʻidan, oʻzi Hindistonda tugʻilib oʻsgan, oʻsha davrning anʼanasiga muvofiq forsiyda ijod etgan. Forslar uni hind shoiri desa, hindlar fors shoiri deydi. Millati bugunning iborasi bilan aytganda – oʻzbek... Ana shu buyuk zotga biz ega chiqishimiz kerak. Uning ijodini oʻrganishimiz, tarjima qilib, tarjima qilib, xalqqa taqdim etishimiz lozim. Bu borada siz, yosh ijodkorlar faollik koʻrsatsangiz, ayni muddao boʻlur edi. Maʼqulmi?”

“Maʼqul”, — dedim men.

Vohid domla ohangini keltirib, yana sheʼr oʻqishga tushdilar.

Iloyo, qoraysin falakning yuzi,

Jafo birla juftu vafo birla toq.

Isodek kishiga berib bir eshak,

Eshakdek kishiga berar argʻumoq.

“Qalay?” degandek menga qaradilar.

“Zoʻr!” – dedim. Buni qarangki, bu kimning sheʼri, deb soʻramabman oʻshanda. Bu gap keyin xayolimga keldi.

Tramvay vokzalga yaqinlashib qolganda, uchinchi muhim gap ham aytildi.

“Hech qachon mevani, sabzavotni poʻsti bilan yemang. Masalan, uzumni ham, bodringni ham poʻstini ayirib, archib yeng. Negaki, poʻst – qobiq, magʻizning himoya qobigʻi. Tabiat uni shu maqsadda yaratgan, yeyish uchun emas. Shundoq ekan, magʻiz bilan poʻstni ham qoʻshib yeb, oshqozon-ichakni qiynamang. Poʻst bari bir hazm boʻlmaydi... Sogʻlikni asrab-avaylashni odat qiling”.

“Rahmat, domla!” – dedim.

Vokzalga yetib keldik. Tramvaydan tushib, vokzal eshigiga tomon yoʻl olarkanmiz, Vohid domla meni hayron qoldirib, yana sheʼr oʻqiy ketdilar:

Xushdirki dami ajal chekib bodayi nob,

Sarmast yotam qabrda to roʻzi hisob.

Gʻavgʻoyi qiyomatda turam mastu xarob,

Na fikri hisob oʻla, na parvozi azob..

“Xoʻsh, kimning sheʼri bu?” – soʻradilar mendan.

“Fuzuliyniki”, — dedim, men bu ruboiyni yod bilardim.

“Barakalla! – dedilar, — Navoiy va Fuzuliy ikki benazir shoir. Ularni har kuni oʻqish kerak”.

Domlani vokzal ichkarisiga kuzatib, izimga qaytdim. Yoʻl boʻyi boya eshitganim dastlabki ikki sheʼrni ichimda takrorladim. Xotiramda naqshlanib qoldi ular.

Yillar oʻtdi. Bir gal Buxoroga boradigan boʻldim. Yangi kitobi korrekturasini oʻqishga kelgan shoir ukamiz Toshpoʻlat Ahmad mening mashinamda birga ketadigan boʻldi. Mashinani galma-galdan haydab, Samarqandga yetdik. Ulugʻbek rasadxonasi poyida, choyxonada ovqatlanib, choy ichdik.

Toshpoʻlat toʻsatdan eslab qoldi.

“Jamol aka, — dedi u, — Vohid domlaning xotini vafot etgan... Kirib, koʻngil soʻrab chiqmaymizmi?”

“Adresni bilasizmi?”

“Bilaman”, – dedi Toshpoʻlat. U Samarqand universitetida oʻqigan, adresni bilishi shu tufayli edi.

“Oʻtiring mashinaga, haydang”, — dedim.

Xullas, bir necha aylanma yoʻllardan oʻtib, Vohid domlaning eshigiga bordik. Qiya ochiq darvozadan qarab, supada yogʻoch karovatda boshini egib, yolgʻiz oʻtirgan domlani koʻrdik. Ichkariga kirib, salomlashdik. Koʻngil soʻradik. Vohid domla marhumaga atab Qurʼon oʻqidilar, biz qoʻl ochib, “omin” dedik. Men atrofga razm soldim. Devorlarining suvoqlari toʻkilib turgan xarob hovlicha. kimsan, bir necha yil Samarqand davlat universitetining rektori boʻlgan, akademik Vohid Abdullayev shunday xokisor ahvolda yashaydi, deb oʻylamagandim. Bu moʻtabar insonga boʻlgan mehru ixlosim yana-da ortdi...

“Umr yoʻldoshidan ayrilib qolgan bu qaygʻuli insonning endigi hayoti qanday kecharkin?” – degan oʻy koʻnglimdan oʻtdi. Xuddi savolimga javob bergandek, domla shu onda bir bayt sheʼr oʻqidilar:

Zindagi bar gardan aftodast, Bedil, chora chist?

Shod boshad zistan, noshod boshad zistan...

(Tiriklik boʻyningga tushgach, Bedil, iloj qancha?

Shod boʻlsang ham yashaysan, noshod boʻlsang ham, yashaysan)

Yarim soatcha suhbatlashib, soʻng xayrlashib, biz Buxoroga joʻnadik. Vohid domla bilan oxirgi koʻrishganim shu boʻldi. Boshqa koʻrishmak nasib etmadi. Oqkoʻngil, oliyhimmat, munavvar zot edilar domla.

Iloyo, joylari jannatda boʻlsin!
Jamol KAMOL,
Oʻzbekiston xalq shoiri

4 630
O'zA