O‘zA O`zbek

12.12.2008 22:23 Chop etish versiyasi

Akademik Murod Sharifxo‘jayev

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Shafqatsiz o‘lim iqtisodiyot sohasidagi yirik olim, davlat va jamoat arbobi, senator, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi Murod Sharifxo‘jayevich Sharifxo‘jayevni 76 yoshida oramizdan olib ketdi.

M.Sharifxo‘jayev 1932 yilda Toshkent shahrida tavallud topdi. 1953 yili Toshkent moliya-iqtisod institutini tugatib, shu institut qoshidagi aspiranturaga o‘qishga kirdi. 1960 yilda nomzodlik, 1976 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi sermahsul faoliyati uchun 1978 yilda professor unvoniga sazovor bo‘ldi, 1995 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zoligiga saylandi.

1956 yili Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)da dotsent sifatida ish boshlagan M.Sharifxo‘jayev o‘zining 55 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida kafedra mudiri, Toshkent xalq xo‘jaligi instituti rektori, Toshkent moliya instituti rektori kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi va yurtimizda yosh iqtisodchi kadrlarni tayyorlash ishiga katta hissa qo‘shdi.

M.Sharifxo‘jayev 1990-1991 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bosh ilmiy kotibi vazifasida xizmat qildi.

U davlat va jamoat ishlarida faol ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, 2006 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Atoqli olim o‘z shogirdlari bilan birgalikda O‘zbekistonda investitsion majmualarni rivojlantirish muammolarini ilmiy tadqiq etishda salmoqli hissa qo‘shdi. Uning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlab yozgan maqola va risolalari keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum.

Zahmatkash olim o‘z faoliyati davomida jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berdi. Jumladan, uning bevosita rahbarligida 10 nafar fan doktori va 50 dan ortiq fan nomzodi tayyorlandi.

Akademik M.Sharifxo‘jayevning mamlakatimiz fani rivojiga qo‘shgan hissasi davlat tomonidan munosib taqdirlanib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” va “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan edi.

Yirik olim, davlat va jamoat arbobi, mehribon ustoz, kamtarin inson Murod Sharifxo‘jayevning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.

I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova, SH.Mirziyoyev, E.Zohidov, SH.Solihov, A.Parpiyev, S.G‘ulomov, M.Salohiddinov


11 466