O‘zA O`zbek

27.09.2020 Chop etish versiyasi

Aka-uka

Aka-uka
Mulohaza 

Mendan rosa toʻqqiz yosh katta bir tanishimning qoʻngʻiroq qilishidan bezor boʻldim. 

U yomon odammas, oʻz ishini amallagan, amallayolmay qolgan paytlarda boshqa fazilati bilan oʻzini koʻrsatib, nonini halollab yeb yurgan odam. Qariyb yigirma yillik qadrdonim, poytaxtga kelganimdan buyon uzilib ketmaganmiz. Ishi, yoʻnalishi boshqa boʻlsa-da, bordi-keldimiz yoʻqolmagan. Sababi, oʻzi kengfeʼl, kechirimli yaxshi odam. Farzandlariga bosh boʻlib yuraversin, menga va men kabilarga yordami ham tekkan.

Ana shu akamiz keyingi ikki yil ichida oʻzgarib qoldi. U menga qoʻngʻiroq qilsa, otimni aytib, iziga “aka” qoʻshimchasini qoʻshadigan odat chiqardi. Avval indamadim. Ogʻiz oʻrganib qolgan ¬– mayli, dedim. Keyin kuzatsam, har safar men yo u telefon qilganda, koʻrishib qolganimizda ham “aka”layverdi. Jerkibroq gapirgan boʻldim:

–Aka, nimaga bunday qilyapsiz? Siz nevarali odamsiz. Biz sizga uka boʻlamiz. Amaldor yoki siz manfaatdor boʻlgan odam emasman – bilasiz. Yo ustimdan kulyapsizmi?

– E, aka, buning nimasi yomon? – deydi hech ikkilanmay. ¬– Nima sizni aka desam, biron joyim kamayib ketadimi? Sizdan kichiklarni ham “aka” deb yuboryapmiz-u joyi kelganda. Hozir hamma shunday qiladi.

Bu gʻaroyib “ukam”ning keyingi gapi ortiqcha boʻldi. Taʼsir qildi. Nimaga hamma shunday qiladi yo avlodida bormikin shunday egni qisiqlik? Yoxud...

Ochigʻi, biroz anqovroqman: koʻp “zamonaviy” narsalardan orqada yuraman. Masalan, “joyi kelganda” oʻzingdan kichiklarni ham “aka” deb yuboraversa boʻlishidan gʻofil ekanman.

Yevropalik, koreyalik, yaponiyalik kishilar bilan bir necha bor suhbatlashdim, davrasida boʻldim. Ularning hammasida bizning gaplashish tarzimizdan farqli oʻlaroq, bir narsani sezdim: ular tabassum qilib turishni qotiradi. Tabassum va xushmuomala ularning ilk qadami, hatto yutugʻi ham. Birontasining hatto qorni sanchib turgan boʻlsa ham, xumrayib turganini koʻrmaysiz. Bu zamonaviy dunyo kishisining – taroshlangan, pardozlangan davr odamining koʻrinishidir, balki. Biznikilar esa boʻlsa-boʻlmasa tabassum qilolmaydilar. Bunga oʻrganmagan hali. Hali tabiiyroqmiz, nazarimda.

Ammo xushmuomala boʻlishlik bizning tarbiya tamoyillarimizda ham bor, xususan, ochiq tabassum bilan oila huzuriga borish, jamoat joylarida shunday yurish odob sanaladi, biroq oʻzidan oʻn yosh kichik odamga “aka”lab yaltoqlanish menimcha – illat.

– Aka, oʻzimning akamsiz, shu ishni hal qilib bermasangiz boʻlmaydi,–

deyish oʻrniga “ Uka, aql yoshda emas, boshda ekan. Mana, koʻrdik. Tarbiya bergan otangizga rahmat. Sizdan bir-ikki koʻylakni oldin yirtgan boʻlsak ham, bunday narsalarga tishimiz oʻtmaydi. Bir yordam qiling. Yoʻq demang...” desa boʻladi-ku. Ham adolatli, haqqoniy, qorin “toʻyadigan”, sof oʻzbekcha mulozamat.

...Boysunda katta-kichik yuk mashinalarida togʻ bagʻridan toshlarni qoʻporib, shaharu qishloqlarga pullaydigan tadbirkor yigitlar bor. Ular bu kasbni oʻzlari oʻylab topishgan. Togʻning metin toshi uy poydevoriga ham, devor uchun ham bemisl qurilish ashyosi. Muhimi arzon. Odamlarga qulay. Oʻsha tosh sotuvchilarni ekologiya idorasi yoki oʻrmon beklari goh-gohida “reyd” qilib, jinoyat ustida qoʻlga tushiradi. Soʻng toshyoʻnarlar bu tabiat posbonlarini “aka” deydimi, boshqa qiladimi, harholda ular ertasi kuni yana toqqa qarab ketaverishadi.

Gap shundaki, togʻning ham toshlarini chumoliday tashib ketaversa, bir kun tugaydi. Millat ham oʻzining asl salobatini, betakror sifatlarini, qirralarini saqlash uchun “mayda narsa” sanaluvchi, ammo muhim xususiyatlarini asrab qolishi lozim. Masalan, aka ¬– aka, uka – uka boʻlib qolishi kerak. Nima dedingiz, akalar?

1 212
Shodmonqul SALOM,OʻzA