Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2018 19:30 Chop etish versiyasi

Ajrimlarning sababi nima?

Poytaxtimizda Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan “Oilaviy ajralishlarning oldini olishda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘rni” mavzusida amaliy anjuman o‘tkazildi.

Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash maqsadida “Biz oilaviy ajralishlarga qarshimiz” shiori ostida oylike’lon qilindi.

Mazkur anjuman ham oylik doirasidagi yirik tadbirlardan biridir. Anjumanda mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, nikoh, oila, farzand tarbiyasiga daxldor muammo va masalalarning hal qilinishi yuzasidan fikrlashildi. Erta nikohning salbiy oqibatlari, oilaviy hayot xotirjamligiga raxna soluvchi omillar, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik, oilaviy zo‘ravonlik, ajralishlarning oldini olishda hamkorlik ishlaridagi kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama etildi.

Ajralishlar xavotirli muammolardan biridir. Joriy yilning olti oyi tahliliga e’tibor berilsa, mamlakatimizdagi umumiy ko‘rsatkich 16 ming 449 tani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 871 taga oshganini ko‘rsatmoqda. Sud qarori orqali ajrashgan oilalar soni 11 ming 925 ta bo‘lib, bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan 245 taga ko‘paygan.

Ushbu holatlar tahlil etilib, mahallalar kengashi tomonidan joylardagi vaziyatni yaxshilash, oilaviy munosabatlarni barqarorlashtirish maqsadida o‘rganish ishlari olib borildi.

Ayni vaqtgacha kengash tomonidan 2 million 660 ming 756 oila har tomonlama o‘rganib chiqildi. Shu jarayonda nosog‘lom muhit, turli yot g‘oyalar, begona ta’sirlar sabab buzilayotgan oila a’zolariga tushuntirish ishlari olib borildi. Ijtimoiy, ma’naviy muhitni yaxshilash, kelajak avlod vakillarini to‘laqonli, ijobiy muhitda unib-o‘sishini ta’minlash yuzasidan choralar ko‘rilmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida 11 ming 209 oiladagi nizolar bartaraf etildi. To‘rt yarim mingga yaqin oila buzilishining oldi olindi.

Yarashtiruv komissiyasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida loyiha taklif qilinmoqda. Unda faoliyat ikki bosqichda amalga oshiriladi. Mahallada hal bo‘lmagan masalalar tuman, shahar kengashlari qoshidagi yarashtiruv komissiyaga yuboriladi. Bu loyiha oilalar barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Anjumanda yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, nosog‘lom muhitli va notinch oilalar bilan ishlashda mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada kuchaytirish, ajrimlarning oldini olish yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va bir qator tashkilotlar hamkorligi asosida olib boriladigan ishlar ko‘rib chiqildi.

Barno Meliqulova, O‘zA
1 995