O‘zA O`zbek

07.07.2018 12:47 Chop etish versiyasi

Ajrimlarning 95 foizi ma`naviyatsizlik oqibatida

Ajrimlarning 95 foizi ma`naviyatsizlik oqibatida
Namangan viloyati Norin tumanidagi o‘nta mahallaning kutubxonalariga 4 mingga yaqin turli badiiy adabiyotlar, risolalar, qo‘llanmalar va boshqa kitoblar taqdim etildi.

Namangan viloyat hokimligi, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan jamlangan asarlar mahalla kitobsevarlariga yetkazib berildi.

Jumladan, tumanning “Suzoqovul” mahallasining ixcham qilib bezatilgan kutubxonasiga 400 ta adabiyot tantanali ravishda topshirildi. Bu yerda bir paytlar mahalla kutubxonasi bo‘lgan, biroq egasiz qolgach fondi ham, o‘zi ham tugab bitgan go‘sha yana fayzli va odamlar gavjum maskanga aylanmoqda.

– Bugun mahallamizda ma’naviyat katta bayrami, desak mubolag‘a qilmaymiz, – deydi “Suzoqovul” mahallasi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis Shoiraxon Zokirova. – Ajrimlarning 95 foizi manaviyatsizlik oqibatida, jinoyatlarning aksariyati kitob o‘qimaslikdan kelib chiqadi, Bu yil mahallamizga o‘nta kelin tushdi. Ularni oilaga tayyorlash, kasbga va foydali mehnatga o‘rgatish, er-xotin va qaynona-kelin munosabatlari, bola tarbiyasi bo‘yicha tarbiyalash bizning birlamchi ishimiz. Bu borada bizga, avvalo, kitob yordamchi. Mahallamizda hozir 13 ta aliment to‘lovchi erkak, 12 ta aliment oluvchi ayol bor. E’tibor bering, ajrashgan yigitlarning 10 tasi o‘ylangan, 3 tasi hamon so‘qqabosh.

Qizlarning esa birortasi qayta turmushga chiqmagan. Ular bilan suhbatlarimiz chog‘ida arzimagan sabablarga ko‘ra hayotini barbod qilganidan pushaymonligi seziladi. Ammo qolipdan ko‘chgan g‘ishtni, singan chinnini tuzatib bo‘lmaydi. Lekin biz ushbu misollardan saboq chiqarishimiz yangi xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Har bir xonadonga kitob kirib borish choralarini ko‘rish harakatidamiz. Bizga foydali kitoblar nihoyatda zarur. Ushbu mo‘jaz kutubxonamizda “Kitobxon qaynonalar klubi”ni tashkil etish g‘oyam bor. Toki qayonalari va kelinlari kitob o‘qigan el baxti boqiy bo‘ladi.

Albatta, kitob berildi, shu bilan hammasi hal bo‘ldi emas. Mahalladagi kitob sohasini yaxshi tushunadigan va ishsiz yurgan shaxs haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish asosida kutubxonaga biriktirildi. Shundagina ma’naviyat dargohining o‘z egasi bo‘ladi. Kitoblar soni esa muttasil boyitib boriladi.

Laziz Rahmatov, jurnalist

O'zA
4 107