Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 16:36 Chop etish versiyasi

Ajdodlar merosiga ehtirom

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tashabbusi bilan “Navoiy dahosiga ehtirom” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, Toshkent viloyati va Toshkent shahar kengashi faollari, shoir va yozuvchilar, navoiyshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganish va targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Alisher Navoiyning serqirra ijodi asrlar mobaynida insoniyatni ezgulikka, hamjihatlikka, ilm-ma’rifatga chorlab, xalqimiz uchun cheksiz faxr-iftixor timsoli bo‘lib kelmoqda.

Buyuk ajdodimiz asarlarida tarannum etilgan inson ruhiyatining go‘zal badiiy ifodasi, ma’naviy yuksaklikka intilish, tinchlik va farovonlik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, yaratuvchanlik, el-yurt obodligi kabi ezgu g‘oyalar bugun mamlakatimizda barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlarda o‘z ifodasini topmoqda.

– Bugungi globallashuv davrida Navoiy merosiga qayta-qayta murojaat etish, asarlarida o‘z ifodasini topgan insonni kamolotga yetaklovchi ezgu g‘oyalarni yoshlar ongiga chuqur singdirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova. – Alisher Navoiy o‘z asarlarida ulug‘lagan tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy adolat, bunyodkorlik kabi ezgu g‘oyalar istiqlol tufayli mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida o‘zining keng ifodasini topmoqda. Bu bebaho meros xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy an’analarga hurmat, fidoyilik, mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Tadbirda yosh ijodkorlar klubi a’zolari Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qidi, yosh san’atkorlar tomonidan Navoiy g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar yangradi. O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari tomonidan “Alisher Navoiy” spektaklidan lavha namoyish etildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 147






Все о погоде - Pogoda.uz