O‘zA O`zbek

10.08.2018 22:33 Chop etish versiyasi

“Air Products”: O‘zbekistonga kiritilayotganinvestitsiyalar islohotlar bilan bog‘liq

“Air Products”: O‘zbekistonga kiritilayotganinvestitsiyalar islohotlar bilan bog‘liq Hamkorlik uchun aynan O‘zbekiston tanlanishining zamirida mamlakat rahbariyati tomonidan o‘zaro manfaatli xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish yo‘lida amalga oshirilayotgan salmoqli o‘zgarishlar va keng miqyosli islohotlar mujassam.

Bu haqda “Air Products” (AQSH) kompaniyasi prezidenti Seyfi Gasemi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Alisher Sultonov bilan muzokara chog‘ida ma’lum qildi.

Uchrashuvdan so‘ng S.Gasemi jurnalistlarga intervyu berdi.

– Janob Gasemi, avvalo kompaniyangiz haqida ma’lumot bersangiz.

– Birinchi galda O‘zbekistonga kelganimdan xursandman. Kompaniyamiz faoliyatiga 75 yil bo‘ldi. Dunyoning 50 mamlakatida qariyb 15 ming xodimimiz xizmat qiladi. Bugungi kunda kompaniyaning kapitallashuvi 35 milliard dollarni tashkil qilmoqda. “Air Products” faoliyatining asosiy yo‘nalishi kimyo, metallurgiya va oziq-ovqat sanoati sohalarida xizmatlar ko‘rsatishdan iborat.

Strategiyamiz – faoliyatimizni kengaytirishdan iborat. Yaqinda yangi strategik tadqiqot o‘tkazib, Xitoy, Rossiya, Saudiya Arabistoni va O‘zbekistonda faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlik uchun aynan O‘zbekiston tanlanishining asosiy sababi mamlakatingizda ochiqlikni ta’minlash va investitsiyalar jalb qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan salmoqli o‘zgarishlardir.

Faoliyatimiz modeli faqat uskunalar yetkazib berish, ya’ni “kelding, sotding va ketding” qabilidagi hamkorlikni ko‘zda tutmaydi. Biz muayyan mamlakatga uzoq muddatli investitsiya kiritishni maqsad qilganmiz. Bu borada O‘zbekiston eng qulay mamlakat bo‘lib, ta’kidlaganimdek, bu yerda muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, bularning barchasi qarorimiz to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishimizga asos bo‘ldi. “Air Products” mamlakatingizda neft, gaz va metallurgiya sanoatini rivojlantirishda kerakli bo‘lgan noyob texnologiyalarga ega.

– 2018 yil 24-26 may kunlari bo‘lib o‘tgan XXII Sank-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ va “Air Products” o‘rtasida “Metanoldan olefin olish” (MOO) loyihasi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Uning istiqbollari haqida nima deya olasiz?

– Darhaqiqat, men janob Sultonov bilan Sankt-Peterburgdagi xalqaro forum chog‘ida uchrashgan edim. Biz dastlabki muhokamalar o‘tkazib, o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladik. Mamlakatingizgakelishimning asosiy sababi ham shu.

MOO bo‘yicha muhokama qilingan loyihaning istiqboli porloq. Bundan tashqari, biz boshqa loyihalarni ham ko‘rib chiqdik. Yanada yaqin hamkorlikka tayyormiz.

– “Air Products” kompaniyasi O‘zbekistonda sanoat gazlari (jumladan, kislorod, azot, argon, vodorod, sintez gazi va boshqalar) ishlab chiqarish, qo‘llash va distributsiya qilishga qiziqish bildirdi. Ishchi guruhning ilk yig‘ilishi sanoat gazlari ishlab chiqarish auditini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu auditni o‘tkazish muddati qanday? O‘zbekistonda sanoat gazlari ishlab chiqarish bo‘yicha qachon qaror qabul qilinadi?

– Biz yurtingizda sanoat gazi ishlab chiqarish, uni qo‘shni mamlakatlarga yetkazib berish bo‘yicha kompaniya tashkil qilish uchun O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatini bildirdik.

Kompaniyamizning yetakchi mutaxassislari va hukumatingiz vakillarini jalb qilgan holda aniq vazifalarni muhokama qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ishchi guruh O‘zbekiston hududida mavjud imkoniyatlarni o‘rganadi, marketing tadqiqotlari o‘tkazib, “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqadi.

Istiqboldagi reja va harakatlarni belgilab olish uchun ikki oydan so‘ng qaytishni mo‘ljallamoqdamiz.

– “Air Products” “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlik doirasida boshqa sarmoyaviy loyihalarni ko‘rib chiqishni rejalashtirayaptimi? Hamkorlikni kengaytirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar mavjudmi?

– Qayd etganimdek, “Air Products” hozirgi paytda MOO loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari havoni ajratuvchi qurilma ishlab chiqaradigan kompaniya bilan hamkorlikda Qashqadaryoda GTL zavodini qurish loyihasida ishtirok etmoqdamiz. Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, ishchi guruh ikki tomon uchun ham birdek manfaatli win-win modeliga asoslanib, yangi takliflar ishlab chiqadi.

– O‘zbekistondagi zamonaviy investitsion muhit haqida qanday fikrdasiz? Mamlakatimiz rahbariyatining uni yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari haqida nima deya olasiz?

– Mamlakatingiz Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan islohot va tashabbuslar bizda katta taassurot uyg‘otdi. Xususan, byurokratiya va korrupsiyaga barham berish, valyuta bozorini erkinlashtirish kabi ishlarni alohida qayd etmoqchiman. Ta’kidlash joizki, muzokara chog‘ida janob Sultonov bilan mamlakatingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, kompaniyamiz O‘zbekistonning turli tashkilotlari bilan birgalikda loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdor.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

2 415