Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 19:34 Chop etish versiyasi

Ahvol qachon yaxshilanadi?

Ahvol qachon yaxshilanadi?
"O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati
va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 
rahbariyati diqqatiga!

Ўзбекистон Миллий ахборот агентлигининг www.uza.uz сайтида 2018 йил 11 январь куни “Оворагарчиликларнинг боиси нимада?” сарлавҳали мақола эълон қилинган эди.

Unda gaz pulini to‘lashda haddan ortiq tirbandliklar kuzatilayotgani, to‘lov qilish maqsadida kelgan fuqarolarga hech qanday qulaylik yaratilmagani, xodimlarning qo‘pol munosabati, sarsongarchiliklarga sabab bo‘layotgan xodimlar haqida fikrlar bildirilgan edi.

Oradan bir oy o‘tib O‘zA muxbirlari holatni qayta o‘rganish uchun yana o‘sha manzil Uchtepa tumani gaz ta’minoti korxonasiga bordi.

"Eski hammom, eski tos", degan naql bejizga aytilmagan ko‘rinadi. O‘rinli tanqiddan xulosa chiqarmagan ushbu tashkilotda ahvol o‘sha-o‘sha. Biz soha mutaxassislari bilan suhbatlashdik.

– Uchtepa tumani gaz ta’minoti korxonasi faqat gaz yetkazib berish va uning me’yoriga javob beradi, – deydi bosh muhandis Rahmat Fayziyev. – Banklar bilan shartnomamiz bor. Ular pul qabul qilish bilan shug‘ullanadi. Majburiy ijro byurosi qarzdorlikni undirish bilan shug‘ullanadi. Fuqarolarga qulaylik yaratib berish uchun bizda boshqa imkoniyat yo‘q. Bizda xodimlar ma’lumot berish, gazni uzish-qo‘shish, loyihalash, murojaatlar bilan ishlash kabi ishlarni bajaradi.

Xo‘sh, iste’mol qilgan gazi uchun pul to‘lash uchun kelgan aholida nima ayb? U o‘z vaqtida pulni to‘lasayu, lekin uni yana qarzdorga chiqarishsa?

– Avvallari to‘lovni pochta kassalarida to‘lardim, – deydi Xondamir mahallasida yashovchi Karima Abdullayeva. – U yerlarda tirbandlik yo‘q. Sababini bilmaymanu, lekin pul biroz kechikib tushadi. Keyin qarzdorlik yozilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun shu yerning o‘zi tinch. Ko‘proq kutsam ham pul vaqtida tushadi, qarz ham yozmaydi.

O‘z nomi bilan “kutish zali” deb ataladigan joyda navbat kutish uchun sharoit yo‘q. Asosan to‘lov to‘lash uchun keladiganlar pensiya yoshidagi otaxonu onaxonlar.

1.JPG

– Har oyning 4-5 sanasida to‘lovlarni to‘laymiz, – deydi Mohira ona Fayziyeva. – Oyning 10-sanasigacha kassalar sonini ko‘paytirishsa, yaxshi bo‘lardi. Shuncha vaqt yo‘qotib, ovorayi sarson bo‘lmasdik.

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki Toshkent viloyati filiali mas’ul mutaxassisining aytishicha, kassalarni tashkil etishda imkon qadar aholi ko‘p murojaat qiladigan joylarga mutaxassislar jalb etiladi. Ammo bu ham aholi talablariga javob bermayapti.

Ayni masala yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani gaz ta’minoti korxonasidagi holatni o‘rgandik.

Fuqarolarni qabul qilayotgan uch operator ularga blankalarni to‘ldirib bermoqda. Shu joyda aholi biroz kutib qolayotgani ham haqiqat. Uchta kassada pul olish uchun esa vaqt ko‘p ketayotgani yo‘q. Tirbandlik asablarni buzib, tortishuvlarga ham sabab bo‘lmayapti.

2.JPG

– Yangi hisoblagich qo‘ygandan keyin, rasmiylashtirib ketmagan ekanman, – deydi Ma’mura Vohidova. – Biroz tushunmovchiliklar bo‘ldi. Lekin mas’ul xodimlar tomonidan vaziyat o‘rganib chiqilgach, ishim ijobiy hal bo‘ldi.

Ikki tumandagi bir xil tashkilotning faoliyatida nima farq borki, biridagi holatdan quvonsangiz, ikkinchisidagi ahvol ranjitadi... 

– Bizda bu uning ishi yoki bu mening xizmat vazifamga kirmaydi, degan so‘zning o‘zi yo‘q, – deydi korxona rahbari Alisher Boyxonov. – Hamma birgalikda harakat qiladi. Aholi korxonamizdagi istagan mutaxassisga murojaat qilishi mumkin. Muammoning yechimini topish hammamizning vazifamiz. Aholi ko‘paysa, boshqa xodimlarimizni yordamga yuboramiz, shunda to‘lov to‘laydiganlar kutib qolmaydi.

Bu kabi muammolarni hal etish faqat bittagina tashkilot yoki xodimning ishi emas. Vaziyatni yaxshilashda hamma birdek javobgar.

Bu masala hal bo‘lishi uchun yana kimga murojaat qilish kerak?

Barno Meliqulova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
7 220